Allergiya tashxisi qanday topshiriladi?

Light 14:20 / 26.08.2019 27846

Bu aynan allergiyami va u qanday bo‘lishi haqida batafsil yo‘riqnoma.

Birinchi navbatda qayd etish kerakki, allergiyani oldindan aytib berishning imkoni yo‘q.

  • U har qanday narsaga nisbatan uyg‘onishi mumkin. Ovqatlar, o‘simlik changi, uy hayvonlarining so‘lagi va yungi, hasharotlar chaqishi, uy changi va mog‘ori, maishiy texnika, kosmetika vositalari, lateks — bularning har qaysisi sizning immun tizimingizni o‘ta to‘lqinli reaksiyaga kelishga undashi mumkin.
  • Allergiya har qanday insonda paydo bo‘lishi mumkin. Olimlar aynan qaysi mexanizmlar immunitetda ushbu sirli ko‘rinishdagi nosozliklarni keltirib chiqarishini hanuz aniqlaganlari yo‘q. Bu shuni anglatadiki, dunyoda allergiyadan to‘liq himoyalangan insonning o‘zi yo‘q.
  • U har qanday vaqtda yuzaga kelishi mumkin. Agar qulupnay tanovulidan keyin sizga hech qanday toshma toshmagan va daraxt changidan biror marta aksa urmagan bo‘lsangiz ham, bu allergiya sizni cheklab o‘tib ketgan degani emas.

Shuning uchun, mabodo allergiya boshlanganidan shubha paydo bo‘lsa, adashmayotgan bo‘lishingiz mumkin. Lekin antigistaminlarga murojaat qilishdan oldin, bu aynan immun tizimining nosozligimi yoki boshqa bir kasallik alomatimi, aniqlashtirish zarur.

Quyida qadam-baqadam keltirilgan batafsil yo‘riqnoma.

1. O‘zingizdagi alomatlarni allergiya belgilari bilan taqqoslab ko‘ring

Allergik reaksiyalar turli xil bo‘ladi. Biroq nisbatan tez-tez kuzatiladigan alomatlar guruhi mavjud:

  • burun bitishi;
  • allergik tumov — burun besabab oqadi;
  • quruq yo‘talning qutulib bo‘lmaydigan xurujlari;
  • tuganmas aksirishlar;
  • qichishib va yoshlanib turuvchi qizargan ko‘zlar;
  • ich ketishi;
  • ko‘ngil aynishi, qusishgacha;
  • teri qichishi, asosan dog‘, toshma va ba'zida shishlar paydo bo‘lishi bilan boshlanadi.

Allergiyaning eng og‘ir bosqichi — anafilaktik shok. Bu holatda organizmning allergenlarga nisbatan immun tomondan javobi inson hayotiga xavf tug‘diradigan darajada kuchli bo‘ladi. Agar siz yuz, lab, til, bo‘yin sohalarida shish va shuningdek nafas olishda qiyinchiliklar, bosh aylanishi, holsizlikni sezsangiz darhol tez yordam chaqiring.

2. Bu rostdan ham allergiya ekanligini aniqlashtiring

Allergiya — tashxisni bemorning o‘zi ham qo‘yishi mumkin bo‘lgan «oson» kasalliklar sirasiga kiradi. Ammo bunday qilish yaramaydi. Sabab oddiy: o‘nlab boshqa kasalliklar allergiyaga o‘xshab ketadi — o‘tkir resperatur virus infeksiya, gijja va temiratkilardan tortib astmagacha.

Shuning uchun, agar o‘zingizda alomatlar va allergik reaksiyaga o‘xshagan belgilarni seza boshlagan bo‘lsangiz, eng yaxshi qaror — terapevt qabuliga uchrash.

Shifokor sizning shikoyatlaringizni tinglab, tibbiy ko‘rik o‘tkazganidan keyin bir necha ahamiyatli savollarni beradi: hayot tarzingiz, tanovul qiladigan mahsulotlaringiz va dori-darmonlar, foydalanuvchi maishiy texnika va kosmetika vositalari va uy hayvonlariga aloqador. Terapevt umuman xayolingizga kelmagan kasallik tashxisini qo‘yishi va parazit infeksiyalar gumonini olib tashlash uchun analiz topshirishingizni so‘rashi ham mumkin.

3. Umumiy immunoglobulin Ye (IgE) ni aniqlash uchun qon tahlilini o‘tkazing

Ushbu tahlil aynan allergiyaga shubha orsa o‘tkaziladi. Immunoglobulinlar — organizm o‘zi uchun xavfli deb bilgan moddalar hujumiga qarshi ishlab chiqaruvchi antiteladir. Xavfga qarshi kurash chog‘ida antitela alohida kimyoviy moddalarni chiqaradi — xususan, gistaminlarni. Aynan ular allergiya alomatlarini qo‘zg‘atadi.
 
Umumiy IgE tahlilidan maqsad — qondagi antitelaning aniq miqdorini aniqlash. Agar u normadan yuqori bo‘lsa (bu test natijalarida ko‘rsatiladi), bu allergik reaksiyaning belgisi bo‘lishi mumkin. Organizmda IgE miqdori qancha ko‘p bo‘lsa, qo‘zg‘alish shuncha faol bo‘ladi.

Haqiqatan ham, bu analiz allergen aynan nima ekanligini aniqlab bermaydi. Buning uchun qo‘shimcha tahlillar o‘tkazilishi zarur.

Diqqat qiling! Siz, albatta, umumiy immunoglobulin Ye (IgE) uchun analizni mustaqil topshira olasiz. Ammo uni to‘g‘ri topshirish shifokor yo‘llanmasi bilan bo‘ladi. Gap shundaki, antitelaning yuqori darajasi nafaqat allergiyadan, balki organizmdagi boshqa noxush holatlar — infeksiyalar, yallig‘lanish, o‘sma rivojlanishidan darak berishi mumkin. Shuning uchun natijani tibbiyot xodimi ko‘rib chiqishi kerak.

4. Allergenlaringizni aniqlash uchun tahlildan o‘ting

Agar terapevt gap rostdan ham allergiya haqida ketyapti deb hisoblasa, u sizni allergolog huzuriga yuboradi. Tor mutaxassis sizdagi ushbu reaksiyaning nimadan uyg‘onganini oydinlashtirishga yordam beradi. Buning ikki xil usuli bor.

Terida o‘tkaziluvchi allergo-tajriba
Bu sizning shaxsiy allergeningizni aniqlashning eng arzon, tez va ishonchli yo‘lidir. Zamonaviy tibbiyotda teri testlarining uch variantidan foydalanishadi.

Skrining test

Qo‘lning belgi qo‘yilgan terisiga (yoki yelkaga — bolalarda) hamshira maxsus asbob — skarifikator bilan bir necha kichik tirnashlarni amalga oshiradi. Ularning har biri muayyan allergenning mikroskopik dozasiga ega bo‘ladi. Agar bemorda ushbu moddalardan biriga maxsus immun ta'sir mavjud bo‘lsa, taxminan 15-40 daqiqa o‘tgandan so‘ng aniq bo‘ladi. Kichik tirnalish qizarib, qichishishni boshlaydi, xuddi chivin chaqqandan keyingiga o‘xshash shish paydo bo‘ladi. Agar reaksiya maydoni 2 millimetrdan oshib ketsa, allergenga nisbatan ta'sirchanlik tasdiqlangan hisoblanadi. 

Noto‘g‘ri natijadan qochish uchun kichik tirnalishlarga potensial qo‘zg‘atuvchilar surishdan oldin ehtiyotkorlik bilan tuzli eritma va gistamin tomiziladi. Teri tuzli eritmaga nisbatan o‘zgarishni namoyish etsa, demak, u o‘ta ta'sirchandir va testning ijobiy ko‘rsatkichi xato bo‘lishi mumkin. Agar epidermis gistaminga nisbatan o‘zgarish ko‘rsatmasa, allergo-tajribaning salbiy ko‘rsatkichi xato bo‘lishi ehtimoli bor.

Bu ikki holatning har birida ham, katta ehtimol bilan, qo‘shimcha tekshiruv o‘tkizishga zarurat tug‘iladi — masalan, maxsus G va E immunoglobulinlariga qon tahlili (batafsil ma'lumot quyida).

Prik-test
Skrining tekshiruviga o‘xshaydi, ammo yashirin allergen surilgan bemor terisi tirnash o‘rniga  ozgina qizdiriladi (prick ingliz tilidan S ukol). 15-20 daqiqa o‘tgach terida reaksiya mavjudligiga tekshiriladi. Qizarish va qavariq — allergen aniqlanganining alomati.

Patch-test (applikatsiya orqali)
Tananing orqa yelka qismiga tarkibida 30ga yaqin yashirin allergenlar mavjud bo‘lgan plastir yopishtiriladi. Uni 48 soatgacha saqlash zarur — bu vaqt davomida suvli muolajalar va o‘ta kuchli terlashdan saqlanish zarur. So‘ngra shifokor plastirni ko‘chirib natijani baholaydi.

Maxsus G va E immunoglobulinlariga qon tahlili

Allergenlarni qon tahlili orqali aniqlash — nisbatan qimmat, ko‘p vaqt oluvchi va aniqligi kam bo‘lgan jarayon. Ammo ba'zida teri testidan ko‘ra qon tahlilini o‘tkazish yaxshiroq bo‘lgan vaziyatlar ham uchrab turadi. Mana ular:

  • Teri allergo-tajribalari natijasiga ta'sir etishi mumkin bo‘lgan dori vositalari qabul qilinayotgan va ularni to‘xtatishning iloji bo‘lmaganda. Ularga antigistamin va steroid tarkibli vositalar, astma xastaligi uchun dorilar, shuningdek ba'zi antidepressantlar kiradi.
  •  Qaysidir sabablarga ko‘ra bemor bir necha ukol yoki tirnalishga chidamsiz bo‘lsa. Bu holat ko‘pincha kichik yoshdagi bolalarga taalluqli.
  • Yurak bilan muammolar bo‘lganda.
  • Astmaning xurujlarni nazorat qilish og‘ir kechuvchi holatida.
  • Ekzema, dermatit, psoriaz yoki boshqa teri kasalliklari sababli qo‘l yoki yelkada zararlanmagan teri yetishmasligi.
  • Qachondir sizda anafilaktik shok kuzatilgan bo‘lsa.

Analiz vaqtida shunchaki vena tomiridan qon olinadi. Keyin ularni bir necha qismlarga bo‘lib, har biri turli shakldagi allergenli komponentlar — oziq-ovqat mahsulotlari, o‘simlik changi, kimyoviy vosita — mog‘or bilan aralashtiriladi. Bir necha kun o‘tgach mutaxassislar har bir namunadagi reaksiyani o‘rganib immun ta'sirchanlik darajasini hisoblashadi.

U qanchalik faol bo‘lsa, ayni modda siz uchun shunchalik xavflidir.

Natija shaxsan siz uchun zararli va xavfsiz mahsulotlar keltirilgan jadval ko‘rinishida taqdim etiladi. Biroq ma'lumotlarni izohlash vazifasini mustaqil ravishda emas, shifokor bilan maslahatlashgan holda bajarish zarur. Aynan mutaxassis samarali davolashni tashkil qiladi va allergiyadan xalos bo‘lish uchun hayot tarzidagi zarur bo‘lgan ba'zi o‘zgarishlarga oid tavsiyalarni beradi.

Ko‘proq yangiliklar: