Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan o‘tkazilgan «Avgust kengashi» anjumani vazirlik tizimidagi ishlar sarhisobi bo‘yicha yaxshi platforma hisoblanadi.
Bu yilgi respublika anjumanida ham sohada ishlayotgan 200dan ortiq mas'ul xodimlar ishtirok etdi.
Unda Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unov so‘zga chiqib, maktabgacha ta'lim tashkilotlari rahbarlari faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
«Maktabgacha ta'lim tashkiloti rahbari o‘zining funksional vazifasini biladimi? Hozir qaysi maktabgacha ta'lim tashkiloti rahbari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha musiqadan, rasmdan yoki jismoniy tarbiyadan dars beradi? Nega ular pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanmaydi?», - deya mutasaddilarga savol bilan yuzlandi Maktabgacha ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari.
Uning ta'kidlashicha, maktabgacha ta'lim tashkiloti rahbarlarining kasbiy bilimi yaxshi bo‘lishi, agar musiqachi bo‘lsa, qaysidir cholg‘u asbobini chala olishi zarur.
Bundan tashqari, maktabgacha ta'lim tashkilotida faoliyat yuritadigan xodimlar – metodist, psixolog, logoped, hamshira kabilarning asosiy vazifalari eslatib o‘tildi.
«Qaysi tuman boshlig‘i, qaysi viloyat boshlig‘i maktabgacha ta'lim muassasalarida hamshiralar menyuni to‘g‘ri tashkillashtirgani bo‘yicha tahlillar olib bordi? Bu bo‘yicha alohida o‘quv seminarlari tashkil etdi?», deya hamshiralar faoliyati bilan bog‘liq muhim vazifa ijrosi bo‘yicha savol berdi vazir o‘rinbosari.
Sobitxon Turg‘unovning so‘zlariga ko‘ra, bolalarga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi turli kasalliklar – yassioyoqlik, yod yetishmovchiligi, sariq kasalligi bo‘yicha alohida ma'lumotlar bazasi shakllantirilishi, bunday kasalliklar bilan og‘rigan bolalarning mashg‘ulotlarga qatnashishi ham alohida jadvallar asosida tashkil qilinishi zarur.
Sohadagi kadrlar bilan bog‘liq muammalarni hal qilishda respublika bo‘yicha jami 97ta pedagogika kollejining maktabgacha ta'lim vazirligi tizimiga biriktirilishi ham ijobiy hodisa ekani ta'kidlab o‘tildi. Ayni paytda ushbu kollejlar ta'lim sifatini yaxshilash, metodika yaratish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha har bitta tumanda donor vazifasini o‘tashi kerak.