«Ichki ishlar xodimi odamlarning uyini buzish va aholini ko‘chirish vakolatiga ega emas» - Vazirning birinchi o‘rinbosari

O‘zbekiston 16:10 / 25.08.2019 33067

Senatning 21-yalpi majlisi ikkinchi kunida boshqa muhim masalalar qatori senatorlar uy buzilishi bilan bog‘liq holatga o‘z munosabatlarini bildirishdi.

Senator Farrux Dadaxo‘jayev ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Toshpo‘latovga uy-joy buzilishida ichki ishlar xodimlari ishtirok etish vakolati bormi, deya savol bilan murojaat qildi.

«Hech bir ichki ishlar xodimi yoki rahbar xodim odamlarning uyini buzish va aholini ko‘chirish vakolatiga ega emas. Buzish bo‘yicha hokimlik va boshqa tegishli organlar qarori bilan amalga oshiriladi. Ichki ishlar xodimining vazifasi shu jarayonda xavfsizlik va jamoat tartibini saqlashdan iboratdir. Ushbu harakatlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Uy buzilishi bo‘yicha bo‘layotgan holatlar yuzasidan har bir tegishli ichki ishlar boshqarmalari rahbarlari vazirlikka axborot beradi. Masalan, Rishton va Pop tumanlari bozorlari ko‘chirilishi holati haqida vazirlikka axborot berilgan. Bu haqida hokimliklarga chora ko‘rishlari bo‘yicha axborot xati yuborilgan», - deya javob berdi vazir o‘rinbosari.

Senat raisi Tanzila Norboyeva «snos» bo‘yicha ichki ishlar vazirligi qat'iy pozitsiyaga ega bo‘lishi kerakligini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik qayerda shunday holatlar kuzatilsa, tezkorlik bilan reaksiya bildirishi lozim.

«Shikoyat tushishini kutmasdan odamlarning kayfiyatiga salbiy ta'sir qiladigan holatlarni aniqlab, uni joyida bartaraf etish lozim», deya Senat raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: