G‘allaorolda ichimlik cuvi muammosi: Hayvon ichmaydigan suvni odamlar qachongacha iste'mol qiladi?

Jamiyat 15:10 / 25.08.2019 18354

«Hurmatli Kun.uz tahririyati! Sizlarga Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Zargar qishlog‘idan murojaat yo‘llayapmiz. Qishlog‘imizda ichimlik suvi muammosi aholini qiynab yubordi. Bir necha murojaatdan keyin 2018 yilda artezian qudug‘i orqali ichimlik suvi chiqdi. Quvonchimiz uzoqqa bormadi. Suv o‘ta sho‘r va loyqa, bir so‘z bilan aytganda, iste'molga mutlaqo yaroqsiz. Qishloq ahli qishin-yozin 2 km uzoqlikdan suv tashiydi. Bu haqda mahalliy hokimlik va huquq tartibot idoralariga bir necha bor murojaat bilan chiqdik. Afsuski, hech bir natija yo‘q. Zargar qishlog‘ida ichimlik suvi muammosi hal etilishida amaliy yordam berishingizni so‘raymiz».

Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan ushbu murojaatni joyida o‘rganish uchun G‘allaorol tumanida bo‘ldik.

«Qishlog‘imiz ahli bir necha yillardan beri ichimlik suvidan qiynaladi. O‘tgan yili suv uzatish minorasini qurib topshirishganida juda quvongan edik. Chunki ungacha har 3-4 kunda ichimlik suvini sotib olar edik.

Lekin erta quvongan ekanmiz. Bu quduqdan chiqayotgan suv nafaqat ichishga , balki kir yuvishga ham yaramaydi. Qishloq ahli hanuz 2 km uzoqlikdan suv tashiydi.

Ushbu chala qurib topshirib ketilgan suv uzatish minorasidan chiqayotgan ichimlik suvini mart oyida Jizzax shahrida tekshiruvdan o‘tkazib keldik. «Ichishga mutlaqo yaroqsiz», degan xulosani chiqarib berishdi.

Eng qizig‘i, biz barcha kerakli tashkilotlarga murojaat qilsak-da, natija yo‘q. Suv o‘ta loyqa, yerga to‘ksangiz ko‘mirdek qorayib qoladi. Sho‘rligidan ekinlarni ham sug‘orolmaymiz. Chorva mollari ham iste'mol qilmaydigan suvni ichishga majburmiz. Sangzor daryosidan suv tashiymiz, shu suvni iste'mol qilishimiz natijasida farzandlarimiz yuqumli kasallik orttirib olyapti», — deydi Rahmatilla Qoraboyev.

«Davlatning katta puli sarflanib, nomigagina qazilgan artezian qudug‘iyu, ushbu suv uzatish minorasi uchun kimdir javob beradimi? Bizning aybimiz nima? Nega biz ko‘mirdek qora loyqa suvni ichishimiz kerak? Bu suvga yuvinib ham bo‘lmaydi. Bosh yuvsangiz sochingiz qotib qoladi. Mahalla ahli yig‘ilib, bormagan joyimiz qolmadi. Kimdir qilgan aybi uchun javob beradimi? Qachongacha biz suv qaynatib yoki uning loyqasi tubiga cho‘kishini kutib iste'mol qilamiz? Suv ham osonlikcha tinmaydi, ba'zida sel kelishi oqibatda soydan kelayotgan suvning tinishini iki uch kunlab kutishga to‘g‘ri keladi. Kutishni istamaganlar tinsa-tinmasa loyqa suvni ichadi. Bizga shu muammoni kimdir yechib beradimi?», — deydi I'nom Alimov.

«Qishlog‘imizdagi ichimlik suvi iste'molga mutlaqo yaroqsiz. Aholi ilojsiz Sangzor daryosidan tashib keltirilgan suvni ichadi. Natijada ko‘pgina hamqishloqlarimiz diareya, qayt qilish va boshqa yuqumli kasalliklar bilan og‘rib turadi. Suv tashishni istmaganlar naqd pulga sotib olishadi. Lekin qachongacha?..» — deydi Abubakir Alimov.

Muammo yuzasidan izoh olish maqsadida G‘allaorol tumani «Suvoqova» DUK rahbariyatiga uchradik.

«Zargar» MFYdagi muammodan qisman xabarimiz bor. Fikrimizcha, suv uzatish minorasi noto‘g‘ri joydan qazilgan. Jizzax Gidrogeologik stansiyasidagilar aynan suv yo‘q joyni tanlashgani bois shunday tushunmovchiliklar yuzaga chiqyapti. Sizga boshqa hech qanday ma'lumot taqdim etolmaymiz. Barcha ma'lumotlar Jizzax viloyat «Suvoqova» DUK rahbariyatida, o‘sha yerga borsangiz to‘liq ma'lumot olishingiz mumkin», — dedi korxona bosh mutaxassisi Sherzod Vafoyev.

«G‘allaorol tumanida, Zargar qishlog‘idagi suv uzatish minorasi respublika rahbarining 2018 yil 3 fevraldagi «Investitsiya va infratuzilma loyihalari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 3507-sonli qaroriga asosan qurib bitkazilgan. Ushbu ichimlik suvi tizimini qurish uchun davlat tomonidan 505 mln 890 ming so‘m pul ajratilgan bo‘lib, hududda 1,6 km ichimlik suv tarmog‘i, bitta yer osti suv qudug‘i, bitta bosimli suv minorasi va bitta suv olish nasosi o‘rnatilgan.

Aholiga ham hayron qolaman-da. Nega bugunga kelib aytayapsiz shu muammoni, nega suv uzatish minorasi qurilayotganda o‘z fikrlaringni aytmadinglar, desak, hamma jim. Xalqimiz shunday, qurib bitguncha hech nimaga qo‘shilmaydi. Bitsa keyin boshlaydi. Muammosini aytadi, kamchiligini topadi.

Aslida, Zargar qishlog‘idagi suv uzatish minorasi qurilishi loyihada ham, dasturda ham yo‘q edi. Bilmayman, qaysi yo‘llar bilan bu qishloq loyihada birdan paydo bo‘lib qoldi. Ish boshlanganda kerakli tashkilotlarga bordim, aynan shu masala bo‘yicha. Biz tasdiqlagan loyihada Zargar qishlog‘i umuman yo‘q edi. Toshkentga borib loyiha o‘zgardi. O‘rtada qishloq loyihaga qo‘shildi. Mana loyihaning ahvoli. Xom loyiha. Mening boshqa gapim yo‘q», — deydi Jizzax viloyat «Suvoqova» DUK korxona bosh muhandisi Atham Muhiddinov.

Zargarlik murojaatchilarning fikricha, suv uzatish minorasi avvalboshdan noto‘g‘ri joydan qurilgan. Yer ostidagi ichimlik suvini topish va va yer osti qudug‘ini qurish bo‘yicha kerakli ko‘rsatmalar bergan «O‘zbekgidrogeologiya» davlat unitar korxonasi Jizzax gidrogeologik stansiyasi xodimlari esa holatga quyidagicha izoh berishdi.

«Aholi tomonidan bilib-bilmay bizning tashkilotga qo‘yilayotgan ayblarni to‘liq rad etaman. Joy to‘g‘ri tanlangan. Suvning loyqa chiqishiga va boshqa oqibatlarga nasoslar va artezian qudug‘i yaxshi tozalanmagani sabab deb bilaman. Biz quruvchilar bilan boshidayoq yaxshilab gaplashib olgandik. Bu xalqniki, yaxshilab yuvib, tozalab, keyin quringlar, deb aytganmiz. Lekin quduq qazuvchilarning e'tiborsizligi tufayli shu holat yuzaga keldi.

Yer osti qudug‘i bizning talablarga asosan qilinmadi, yuvish ishlari talabga javob bermaydi. Men buni o‘sha vaqtda ham aytganman. Agarda har kim o‘z ishini vaqtida bajarganida edi, shu holat yuzaga kelmasdi. Ish oxirigacha yetkazilmagan. Ko‘r-ko‘rona yopib yuborishgan», — deydi Jizzax gidrogeologik stansiya rahbari Hakim Gaynazarov.

Qishloqda murojaatni o‘rganish asnosida yonimizdan chelak va idish ko‘targan otliq va piyodalarning tepalikka qarab ketayotganini ko‘rdik. Foydalanishga suv yo‘q. Bir necha chaqirimdan kundalik ehtiyoj uchun suv tashib yashayotgan insonlarga ham oson emas. Buni suv ichish uchun jo‘mrakka ham egilmaydigan, aybni bir biriga ag‘darishdan charchamayotgan rahbarlar qayoqdan bilsin?

Xullas, Zargar qishlog‘ida ichimlik suvi muammosi anchadan beri aholini qiynab kelmoqda. Buning yechimi esa esa mutasaddilarning tashabbus va g‘ayratiga bog‘liq.

Gulchehra ShARIPOVA,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: