«Qozog‘istonda – 700ta, bizda esa sanoqli». Sodiq Safoyev xorijiy investitsiya oqimini oshirish bo‘yicha taklif berdi

O‘zbekiston 08:39 / 24.08.2019 22630

2019 yil oxirigacha har bir viloyatda kamida bittadan konsalting kompaniyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Xorijiy investitsiyalar oqimini oshirish maqsadida tashkil etiladigan bu kompaniyalar investorlar uchun turli xizmatlarni taklif etadi.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Senat yalpi majlisida konsalting kompaniyalar mavzusini ko‘tarib, «kerak bo‘lsa chetdan mutaxassislarni pulga olib kelib bo‘lsa-da» ularni tashkil qilish zarurligini ta'kidladi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Bitta misol. Qo‘shni Qozog‘iston 700ta konsalting kompaniya xorijdan kelayotgan investorlarga ularning hujjatlarini rasmiylashtirish, ularga soliq haqida axborot berish, logistika masalalarini yechish uchun xizmat ko‘rsatyapti va buning uchun pul olyapti.

Bizda sanoqli konsalting kompaniyalar bor. Aniqrog‘i, 35ta deyishyapti, lekin bilmayman ularning hammasi konsaltingmi-boshqami. Barchasi – Toshkentda. Viloyatlarda zamonaviy konsalting kompaniyalari yo‘q.

Bir narsani tushunishimiz kerak. Prezidentimiz viloyat rahbarlarini chet ellarga yuboryaptilar. Ko‘rib bilyapsizlarki, xorijiy investorlar davlat organlari bilan bevosita aloqaga uncha moyillik ko‘rsatmaydi. Ular o‘ziga mos kelgan xususiy kompaniyalar bilan hamma masalasini yechish tarafdori.

Ular yomon ko‘radi vazirlikka borishni, hokimiyatlar eshigining oldida sarg‘ayib turishni... Ularga pulini to‘lab, konsalting kompaniya hamma masalasini hal qilib berishi kerak.

Kerak bo‘lsa davlat-xususiy sherikchilik asosida shu yilning oxirigacha har bir viloyatda hech bo‘lmasa bittadan konsalting kompaniyani tuzishni harakatini qilishimiz kerak. Buni qilmasak, biz joylarda investitsion infratuzilma barpo etdik, deyishga hali erta bo‘ladi», – deya qayd etib o‘tdi Sodiq Safoyev.

Ko‘proq yangiliklar: