Poytaxtdagi ommaviy salomatlik tadbirlarida 10 mingga yaqin aholi ishtirok etdi

Jamiyat 10:51 / 24.08.2019 1994

Mamlakatda sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga alohida e'tibor qaratilayotir. Prezidentning o‘tgan yil 18 dekabrdagi “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu sa'y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda.

Mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakat bo‘ylab joriy yil mart oyidan boshlab, har haftaning shanba kuni ommaviy salomatlik tadbirlari muntazam ravishda uyushtirib kelinmoqda. Bu esa fuqarolarning jismoniy faolligi darajasini qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom turmush tarzi ommaviyligini oshirishda yaxshi samar berayotir. Natijada, kasalliklar bilan kurashishga emas, aholining tibbiy va sanitar-gigiyenik madaniyati darajasini oshirish hamda tizimli profilaktikaga asosiy e'tibor qaratilmoqda.

Jumladan, joriy yil 24 avgust, shanba kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan hamkor vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamkorlikda Mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz” shiori ostida ommaviy yurish hamda “Salomatlik startlari” tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi.

Birgina poytaxtda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirlarda 10 mingga yaqin turli soha vakillari, keng jamoatchilik “Xalqlar do‘stligi” saroyidan Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab, to Milliy olimpiya qo‘mitasigacha bo‘lgan masofada tashkil etilgan faol yurishda ishtirok etishdi. So‘ngra Paxtakor stadionida “Salomatlik startlari” tadbirlari, taniqli san'atkorlik ishtirokida konsert dasturlari tashkil etildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, taraqqiyot tufayli insoniyat hayot tarzida kamharakatlilikka odatlanayotgani ko‘plab tibbiy-ijtimoiy muammolarga sabab bo‘lmoqda. Dunyo miqyosida qayd etilayotgan o‘lim holatining har to‘rtdan biriga aynan shu muammo sabab bo‘lmoqda. Masalan, sut bezi va yo‘g‘on ichak saratoni, qandli diabet, yurak ishemik kasalliklari yuzaga kelishining 25-30 foiziga ana shu omil jiddiy turtki bo‘ladi.

Bunday muammoning oldini olish har bir insonning o‘z qo‘lida. To‘g‘ri, bugungi tig‘iz ish kuni soatlab sport mashg‘ulotlari bajarishga imkon bermasligi mumkin. Biroq, hech bo‘lmaganda kunda-kunora 20-30 daqiqalik jismoniy mashqlar bajarish, kuniga 1-2 kilometr piyoda yurish uchun hammada imkon topiladi. Shifokorlarning aytishicha, ana shu ozgina harakat ham organizmni kislorodga to‘yintirish, modda almashinuvini yaxshilashda ijobiy natija beradi. Bunday kun tartibiga odatlangan inson xafaqon, infarkt, insult, saraton kabi og‘ir kasalliklardan o‘zini himoyalaydi. Shunday ekan har qanday holatda jismoniy faollikka vaqt ajratib turishni unutmaylik.

Keng miqyosli ommaviy salomatlik tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar markazlarida ham minglab aholi ishtirokida turli madaniy tadbirlar bilan hamohang tarzda o‘tkazildi.

 

Ko‘proq yangiliklar: