O‘zbekistonda ilk bor «World Influencers Congress» I Xalqaro influyenserlar kongressi start oldi

O‘zbekiston 01:57 / 24.08.2019 4583

3 avgust kuni Toshkentda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan yuzdan ziyod eng mashhur blogerlar, fikr yetakchilari, media-personallar, influyenserlar (ta'sir ko‘rsatuvchilar) va xalqaro onlayn platformaning taniqli vakillari «World Influencers Congress» («Xalqaro yetakchilar kongressi») doirasida yig‘ilishdi.

«World Influencers Congress» - dunyoning yetakchi blogerlari, ijtimoiy tarmoq uchun kontent yaratuvchilardan iborat platforma. Unda ishtirok etayotgan yetakchilarning Instargram, Facebook ijtimoiy tarmoqlarida va Youtube videokontentidagi obunachilari 150 million bo‘lib, joylashtiriladigan har bir materialni 10 milliard odam ko‘zdan kechirishiga imkon beradi.

O‘zbekistonga media vakillarning tashrif buyurishi mamlakatimiz turizm salohiyatini xalqaro maydonda namoyish qilish, tarixiy va boshqa sayyohlik manzillarimizni butun dunyodagi sayohat qilishni xohlovchilar e'tiboriga havola qilishdan iborat.

Forbes jurnali tadqiqotlariga ko‘ra, 18-35 yoshdagilar o‘z sayohatlarini Instargram, Facebook va Youtube platformalaridagi turli turistik videolarni o‘rganish orqali belgilashi aniqlanganini inobatga olsak, kongress O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar sonini oshirishi ehtimoli katta.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

«World Influencers Congress»da bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib, mamlakat turizm salohiyati va Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qilinayotgan yangi o‘zgarishlar haqida ma'lumot berib o‘tdi.

«Davlat rahbarining mamlakat ochiqligi uchun qilayotgan eng katta o‘zgarishi turistlar uchun viza tizimining osonlashtirilganida namoyon bo‘ladi. Avvalo, 65 ta mamlakat uchun vizasiz muhitning joriy qilinishi va 2020 yilning 1 yanvaridan ularning soni yana 20 taga ko‘payishi ijobiy hodisadir.

Bundan tashqari, 77 ta davlat fuqarolari oldindan elektron viza olishlari mumkin. Yana 54 davlat uchun esa vaqtincha vizasiz mamlakatda qolish tizimi joriy etilmoqda», - deya viza bilan bog‘liq o‘zgarishlarni sanab o‘tdi Aziz Abduhakimov.

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonda yangi rebate sistemasini joriy etish rejalashtirilayotganini ma'lum qildi. Unga ko‘ra, mamlakat haqida suratga olingan xorijiy kompaniyalarning videomateriallariga 300 ming AQSh dollarigacha subsidiya ajratish rejalashtirilgan.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Kongressda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham so‘zga chiqib, ishtirokchilarga ular orqali millionlab odamlar yangi manzillar haqida ma'lumot olishini ta'kidlab o‘tdi.

«O‘ylaymanki, sizlar xalqaro aloqalarni shakllantirishda eng asosiy elchilarsiz. Va o‘z obunachilaringizning yangi-yangi narsalar haqida ma'lumot olishiga, turli sayohat manzillari kashf etishiga yordam berasiz», - deya ta'kidladi Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida.

Bundan tashqari, S.Mirziyoyeva kongress qatnashchilarining tashrifi O‘zbekistonning go‘zalligi, noyob mehmondo‘stligi haqida jahon ahlining ko‘proq ma'lumot olishida, mamlakatning dunyo bilan bog‘lanishida muhim ekanligi aytib o‘tdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Xalqaro kongress doirasida yangi “B2I” (Business2Influencer) formatidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi. Unda mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish hamda influenserlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilishga doir kelishuvlarga erishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu o‘z mahsulotlari, brend va korporativ imijini zamonaviy usullar orqali targ‘ib qilishdan manfaatdor barcha kompaniyalar uchun ajoyib imkoniyatdir.

Kongress davomida mediamakon yetakchilari ishtirokida «Yetkazib berish munosabatlarida brend», «Sayohat mediasida xilma-xillik», «Eng yaxshisiga erishish. O‘z platformangdan foydalan», «Ta'sir o‘tkazuvchilar orqali marketingni manzillashtirish» kabi 4 ta mavzuda muhokamalar o‘ztkazildi.

Ahamiyatlisi, ushbu ijtimoiy media yetakchilari orasida o‘zbekistonlik, ayni paytda AQShda faoliyat yuritayotgan Irina Shames ham bor. Muhokama davomida u Toshkentda tug‘ilib o‘sganini ham ta'kidlab o‘tdi.

Thariq Halilintar

Shuningdek, boshqa media yetakchilar ham mamlakat haqida iliq munosabat bildirishdi. «Biz oilada 11 farzand ulg‘ayganmiz. Hozir ham O‘zbekistonga aka-ukalar birga sayohat qilyapmiz. Videolarni ham birga tayyorlaymiz. Mamlakat bizga yoqdi. Hatto u haqidagi kitoblar bilan ham tanishib chiqdik. Dunyo bo‘ylab 11 aka-uka jahongashtaning O‘zbekiston haqidagi taassurotlari yaxshi», - deydi sayohat blogerlaridan biri Thariq Halilintar.

Ushbu kongressdan so‘ng ishtirokchilar Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga tashrif buyurishi, mamlakat haqida o‘z yo‘nalishlarida turli materiallar tayyorlashi rejalashtirilmoqda.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Toshkent shahar, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklari tomonidan tashkil etilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: