Yilning ikkinchi yarmida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Aziz Abduhakimov Senatga hisobot berdi

O‘zbekiston 18:40 / 23.08.2019 20925

23 avgust kuni Oliy Majlis Senatining 21-yalpi majlisi ish boshladi. Yalpi majlis kun tartibiga asosan «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» davlat dasturi doirasida 2019 yilning ikkinchi yarim yilligida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hisoboti tinglandi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yilning ikkinchi yarim yilligi yakuniga qadar yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 5,5 foizga o‘sishi, inflatsiya darajasi esa 7,2-7,4 foiz atrofida ushlab turilishi prognoz qilinmoqda.

Yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha 330ta obektda 926 mlrd so‘m mablag‘ni jalb qilgan holda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilishi kutilmoqda.

«Buxoro, Namangan, Samarqand va Qarshi shaharlarida suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimini sifatli yo‘lga qo‘yish uchun davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida boshqaruvga beriladi. Hududlarda biznes muhitini yaxshilash maqsadida Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyat markazlarida biznes-ishbilarmonlik markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 47 trln so‘mga baholanayotgan loyihalar amalga oshirilishi natijasida 130,000ta yangi ish o‘rni yaratiladi. 840ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi, 20ta nodavlat umumta'lim muassasasi, 146ta yangi tibbiyot muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi», deya bosh vazir o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Abduhakimovning bayonotiga ko‘ra, 2019 yil yakuniga qadar Toshkent metropoliteni tizimidagi bir qator loyihalar yakuniga yetkaziladi. Yunusobod yo‘lidagi 3 km uzunlikdagi Yunusobod-Turkiston bekatlari ishga tushiriladi. Toshkent shahri yerusti halqa metro yo‘lining birinchi bosqichi ishga tushirilib, elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Ko‘proq yangiliklar: