Yashil iqlim fondi O‘zbekiston uchun grant manbalari ajratadi

O‘zbekiston 11:43 / 23.08.2019 2252

2019 yilning 19 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov boshchiligidagi delegatsiya Songdo shahrida (Koreya Respublikasi) Yashil iqlim fondi (YaIF) ijrochi direktori o‘rinbosari Xaver Mansanares bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda TIV xabar bermoqda.

YaIF rahbariyati 2017-2019 yillardagi O‘zbekiston bilan hamkorlik yakunlariga ijobiy baho berdi. Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston YaIFda akkreditatsiya qilingan tashkilotlar bilan birgalikda grant manbalarini jalb qilish uchun Fondga bir qancha hayotiy va o‘ta dolzarb loyihalarni kiritgani qayd etildi. Ta'kidlanganidek, qiymati 19 mln AQSh dollariga baholangan O‘zbekiston, Tojikiston va Jahon bankining birgalikdagi «Orol dengizi havzasida iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish dasturi» shu kabi loyihalardan biri bo‘ldi.

Uchrashuvda Orol fojiasining oqibatlari global muammoni yuzaga keltirishi e'tirof etildi. Orol dengiziga turli yillarda tashrif buyurgan va fojia ko‘lamini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan BMTning sobiq va hozirgi rahbarlari Pan Gi Mun va Antoniu Gutterish suv havzasining yo‘q bo‘lishini «davrimizning eng katta ekologik halokati» deb baholagan edilar.

«O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun tabiiy ofatlar xavfini boshqarish tizimini takomillashtirish va ularga javob qaytarish» va «O‘zbekistonda iqlimga mos keluvchi meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishni ta'minlash uchun agrometeorologik xizmatlarni rivojlantirish» loyihalarini ko‘rib chiqish va tasdiqlashning borishi yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda kelgusidagi hamkorlikning kun tartibi kelishib olindi va O‘zbekiston uchun grant manbalarini ajratish uchun loyiha hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayonining protsessual jihatlari borasida maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi boshlig‘i Yashil iqlim fondi rahbariyatini 2019 yil 25 oktyabrda Nukus shahrida bo‘lib o‘tadigan Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e'lon qilishga bag‘ishlangan BMT shafeligidagi yuqori darajadagi Xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif etdi.

Ko‘proq yangiliklar: