«Xorijdagi fuqarolarimizning 2,5 mlrd so‘m miqdoridagi ish haqi undirib berildi». Abduhakimov ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha hisobot berdi

O‘zbekiston 21:40 / 23.08.2019 3909

Chet elda vaqtinchalik ish faoliyati bilan bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga kerakli xizmatlarni yetkazish maqsadida Rossiya va Janubiy Koreyada Tashqi mehnat migratsiya agentligining vakolatxonalari ochildi, 13 ming nafar fuqaroning huquqiy himoyasi masalasi ko‘rib chiqildi, chet eldagi ish beruvchilar tomonidan ularga to‘lanmagan 2,5 mlrd so‘m ish haqi undirib berildi. Bu haqida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 2019 yilning ikkinchi choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Senatga berilgan hukumat hisobotida ma'lum qildi.

Bosh vazir o‘rinbosari bayonotiga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarim yilligida sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6935taga, ya'ni 33 foizga kamaygan.

Bosh vazir o‘rinbosari birinchi yarim yillik bo‘yicha keltirib o‘tgan iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot 2019 yilning birinchi yarim yilligida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga o‘sdi. YaIM ulushi sanoat tarmoqlarida 6,9 foiz, jami xizmatlar 12,7 foiz, chakana savdo aylanmasida 6,4 foiz, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida 4,1 foizga ortgan. Inflatsiya darajasi 5,6 foizni tashkil etib, yil avvalidagi prognoz parametrlari 6,35-6,39 foiz atrofida bo‘lishi ta'minlangan.

Xorijiy investitsiyalar va kreditlar asosida amalga oshirilayotgan ijtimoiy va infratuzilma loyihalari asosida 3,8 mlrd dollar, shu jumladan, hukumat kafolati ostidagi investitsiyalar va kreditlar hisobidan 1,6 mlrd dollar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar ishtirokida 2,2 mlrd dollar o‘zlashtirildi. O‘tgan yilgiga nisbatan investitsiya mablag‘larining o‘sishi metallurgiya sohasida 2,5 baravar, to‘qimachilik sohasida 2,7 baravar, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda 3,1 baravar, farmatsevtika tarmog‘ida 6,3 baravar ortgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri asosiy kapitalga qo‘shilgan kredit va investitsiyalar tarmoq va hududiy investitsiyalarni qo‘shgan holda quyidagicha ko‘rsatkichni ko‘rsatgan: Toshkent shahri 493 mln dollar, Toshkent viloyati 248 mln dollar, Buxoro viloyati 208 mln dollar, Farg‘ona viloyati 207 mln dollar, Jizzax viloyati 171 mln dollar, Andijon viloyati 142 mln dollar, Qashqadaryo viloyati 138 mln dollar, Namangan 108 mln dollar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 134 mln dollarni tashkil etdi.

«2019 yilning ikkinchi choragida 10,3 mingta yangi ish o‘rni yaratildi, «Har bir oila ─ tadbirkor», «Yoshlar ─ kelajagimiz» davlat dasturlari doirasida 152 ming nafar aholi tadbirkorlikka jalb qilindi. 50,920ta o‘ringa ega nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida davlat-xususiy sherikchilik bitimlari imzolandi. Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 12,1 trln so‘m miqdorida pul ajratilgan. 33ta tibbiyot muassasasida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi, 510ta xususiy tibbiyot muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi», deydi Bosh vazir o‘rinbosari mamlakatdagi ijtimoiy o‘zgarishlar haqida gapirar ekan.

«Davlat boshqaruvi organlarining samaradorligini baholash tizimi mezonlari ishlab chiqilmoqda. 2019 yil ikkinchi choragida Vazirlar Mahkamasi Rayosatida 404 nafar rahbarning bajarilgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglanib, turli sabablarga ko‘ra ularning 98 nafariga intizomiy choralar ko‘rildi», ─  deya Abduhakimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: