Tijorat banklariga ayrim harakatlarni amalga oshirish taqiqlanadi. Ular xorijiy valutaga aloqador

Iqtisodiyot 12:23 / 23.08.2019 40356

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga kiritilishi rejalashtirilgan qo‘shimchalar:

quyidagi mazmundagi 35-1-band bilan to‘ldiriladi:

“35-1. Tijorat banklariga:

jismoniy shaxslarga xorijiy valutada kreditlar (qarzlar) berish va kreditlar (qarzlar) bo‘yicha ularning majburiyatlarini xorijiy valutada hisobga olish;

ilgari olingan kreditlar (qarzlar) bo‘yicha so‘ndirilmagan muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda jismoniy shaxslarga yangi mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish taqiqlanadi.”.

Quyidagi mazmundagi 37-1 - 37-2-bandlar bilan to‘ldiriladi:

“37-1. Qarz oluvchi kredit (qarz) bo‘yicha garovda turgan o‘zining depoziti (omonati)dagi mablag‘larini kredit (qarz)ga xizmat ko‘rsatishning xohlagan davri mobaynida depozit (omonat)ning amal qilish muddatidan qat'iy nazar mazkur kredit (qarz)ning qaytarish uchun yo‘naltirish huquqiga ega.
  
Agar, qarz oluvchi kredit (qarz) bo‘yicha garovda turgan o‘zining muddatli omonatidagi mablag‘larini shartnomada ko‘rsatilgan omonat muddati tugagunga qadar kreditni (qarzni) qaytarish uchun yo‘naltirmoqchi bo‘lsa, u bu haqda bankni omonatni olishni rejalashtirayotgan sanadan kamida bir oy oldin xabardor qilishi lozim.

37-2. Qarzdordan kreditning joriy to‘lovi uchun kreditni qaytarish jadvalida belgilangan summaga nisbatan ko‘p mablag‘ kelib tushsa, u holda bank kelib tushgan mablag‘ning ortiqcha qismini qarz oluvchining kreditining asosiy qarzini so‘ndirishga yo‘naltiriladi, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa.”.

3-bob (Bankning iste'molchi bilan munosabatlarni tashkil etishi) quyidagi mazmundagi 3-paragraf bilan to‘ldiriladi:

“§3. Tijorat banklarining ayrim noqonuniy harakatlari bo‘yicha jarima sanksiyalari qo‘llanilishi

40-1.  Mazkur Nizomning 40-2 - 40-4-bandlari tijorat banklariga nisbatan jarima jazo choralari miqdori va ularni qo‘llash, shuningdek ularni tijorat banklarining noqonuniy harakatlari tufayli huquq va manfaatlari buzilgan mijozlar foydasiga o‘tkazish tartibini belgilaydi.

40-2.  Markaziy bank me'yoriy hujjatlarda nazarda tutilgan barcha zaruriy hujjatlar taqdim etilganidan keyin banklar tomonidan hisobvaraqlar ochishda sababsiz kechiktirilganlik yoki ochishdan bosh tortganlik, shuningdek mazkur turdagi hisobvaraq ochish uchun ortiqcha hujjatlarni talab qilganligi uchun bank ustav sarmoyasi belgilangan eng kam miqdorining 0,02 foizi miqdorida jarima to‘laydi.

40-3.  Banklar tomonidan ish haqi va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa ehtiyojlar uchun o‘z vaqtida naqd pul bermaganlik uchun mijozlarga, shu jumladan, tadbirkorlik sub'yektlariga ular hisobvaraqlarida mablag‘ bo‘lganida bank ustav sarmoyasi belgilangan eng kam miqdorining 0,005 foizi miqdorida jarima to‘laydi.

40-4.  Qonunchilikda o‘rnatilgan mijozlar hisobvaraqlariga pullarni hisobga kiritish va hisobdan chiqarish tartibini buzganlik uchun, elektron to‘lovlarni amalga oshirishning va xato amalga oshirilgan elektron to‘lovlarni qaytarishning o‘rnatilgan muddatlarini buzishni istisno etgan holda, bank har bir holat uchun bank ustav kapitalining eng kam miqdorining 0,01 foizi miqdorida jarima to‘laydi.  

Elektron to‘lovlarni amalga oshirishning qonun hujjatlarida o‘rnatilgan muddatlari bank tomonidan buzilgan taqdirda, u mijozga kechiktirilgan har bir kun uchun kechiktirilgan elektron to‘lov summasining 0,1 foizi miqdorida, lekin kechiktirilgan elektron to‘lov summasining 10 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘lashi shart.

Bankning aybi bilan elektron to‘lov noto‘g‘ri amalga oshirilgan taqdirda, u mablag‘ni xatolik aniqlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan oluvchining hisobvarag‘iga o‘tkazishi shart. Aks holda, mijoz bankdan mablag‘larni qaytarishni, shuningdek kechiktirilgan har bir kun uchun noto‘g‘ri amalga oshirilgan elektron to‘lov summasining 0,1 foizi miqdorida, lekin noto‘g‘ri amalga oshirilgan elektron to‘lov summaning 10 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘lashni qonunda belgilangan tartibda talab qilish huquqiga ega.

40-5.  Mazkur Nizomning 40-2 - 40-4-bandlarida tijorat banklari uchun nazarda tutilgan mas'uliyat choralari bank va mijoz o‘rtasida tuzilgan shartnoma matniga kiritilishi shart.

40-6. Banklar quyidagi hollarda jarima to‘lashdan ozod qilinadi:

a) fors-major holatlari, shu jumladan, banklararo elektron to‘lovlar tizimida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan uzilish;

b) bank mijozi tomonidan amaldagi qonunlarda belgilangan talablarga mos kelmaydigan to‘lov hujjatlari taqdim qilinganda;

v) qonunlarda belgilangan tartibga bank yoki mijoz hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilganda.

40-7.  Tijorat banklariga nisbatan mazkur Nizomning
40-2 - 40-4-bandlarida nazarda tutilgan jarima jazo choralarini qo‘llash sud qaroriga asosan amalga oshiriladi. Bunda bu kabi nizolar yuzasidan mijozlarning o‘zlari tomonidan sudga da'vo kiritiladi. 

40-8.  Mazkur Nizomning 40-2 - 40-4-bandlariga muvofiq, bank tomonidan to‘langan jarima summasi qisman qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan bank (filiali) rahbari va bosh buxgalteri tomonidan qoplanadi.”.

Ko‘proq yangiliklar: