Tanzila Norboyeva: «Davlat va jamiyat rivojiga ijobiy ta'sir ko‘rsatmayotgan qonunlarni ma'qullash amaliyotidan voz kechish lozim»

O‘zbekiston 12:20 / 23.08.2019 6271

Joylardagi muammolar, dolzarb masalalarning yechimi yuzasidan deputatlik nazoratining yo‘lga qo‘yilishida kamchiliklar haligacha saqlanib qolmoqda. Bu haqida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva 21-yalpi majlisdagi nutqida to‘xtalib o‘tdi.

Norboyevaning ta'kidlashicha, hududlardagi muammolarni hal qilishda mahalliy kengash deputatlarining rolini oshirishda senatorlarning ham o‘rni bor.

Senat raisi mahalliy kengashlar faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun senatorlarning mas'ul ekanligini ta'kidlar ekan, ularning oldiga bir necha vazifalarni qo‘ydi.

«Avvalo, amalga oshirishning aniq mexanizmi mavjud bo‘lmagan, davlat va jamiyat rivojiga ijobiy ta'sir ko‘rsata olmayotgan umumiy xarakterdagi qonunlarni ma'qullash amaliyotidan to‘liq voz kechish lozim. Shuningdek, o‘tkaziladigan har bir nazorat tadbirining aniq amaliy natijalar bilan yakunlanishiga erishish shart.

Mahalliy kengashlar faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashish nafaqat Senatning tegishli komissiyasi, balki boshqa qo‘mita va komissiyalari faoliyatining ham ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi kerak. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida jahon hamjamiyatiga xolis axborot yetkazish amaliyotini yanada kuchaytirish zarur», — deya Senat raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shu bilan birga, Tanzila Norboyeva har bir senator e'tibor qaratish shart bo‘lgan asosiy masalalarni sanab o‘tdi.

«Gender tengligi, xotin-qizlar huquqlarining to‘liq ro‘yobga chiqishini ta'minlash, aholi, xususan yoshlarni ish bilan ta'minlash, jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ishlarda faol ishtirok etish har bir qo‘mita va komissiya, senatorning asosiy vazifalaridan bo‘lishi shart», — deydi rais.

Ko‘proq yangiliklar: