Sodiq Safoyev: «Hozir paxtadan foydamiz – yiliga 2 mlrd dollar. Yaqin kelajakda esa 7 milliardga yetishi kutilyapti»

Iqtisodiyot 18:55 / 23.08.2019 30803

Hozir O‘zbekiston tekstil mahsulotlarini sotishdan yiliga 2 milliard dollar foyda olyapti va bu raqam yaqin kelajakda 7 milliardga oshishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, mustaqillikdan oldin atigi 8 foiz paxta tolasi O‘zbekistonning o‘zida qayta ishlangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 80 foizga yetgan.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bugungi yalpi majlisdagi ma'ruzasida shu haqda to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Qaranglar, bir necha yil avval bizda yetishtirilgan paxta tolasining atigi to‘rtdan biri o‘zimizda qayta ishlab chiqarilardi. Shu borada eslatmoqchiman, bir xillar o‘tmishni nostalgiya bilan eslaydi... Biz iqtisodchilarning esimizda bor, sovet davrida atigi 8 foiz paxta o‘zimizda qayta ishlab chiqarilardi. Qolgan hammasi Ivanovoga, boshqa joylarga jo‘natilib, tayyor mahsulot sifatida qimmatroq bo‘lib, o‘zimizga qaytib kelardi.

Bugun esa 80 foiz paxta o‘zimizda qayta ishlab chiqarilmoqda va tayyor mahsulot sifatida chetga sotilmoqda.

Buning evaziga, agar ilgari mukkayib, butun millat qiynalib, bolalarni mehnatga jalb qilib, yetishtirgan paxtamizni sotganimizda, yaxshi va omadli yilda 1 milliard dollarni olardik.

Mana shu investitsiyalar natijasida, o‘zimizdagi rivojlangan ishlab chiqarishlar natijasida bugun tekstil mahsulotlarini sotish evaziga biz 2 milliard dollar foyda olamiz. Yaqin kelajakda bu raqam – 7 milliard dollarga o‘sishi kutilmoqda.

Mana bu – biz olib borayotgan investitsion siyosatimizning amaliy natijasidir», – dedi Sodiq Safoyev.

Siyosatchining ta'kidicha, investitsiya masalasi – O‘zbekiston «taqdiri uchun strategik ahamiyatga ega». U o‘z nutqida jahon iqtisodiyotiga oid umumiy statistik raqamlarni ham keltirib o‘tdi.

«Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilda global o‘sish 2,6 foizni tashkil qilgan bo‘lib, bu – kutilgan ko‘rsatkichdan 0,3 foizga kamroq. Mutaxassislar kelgusi uch yilda rivojlanayotgan mamlakatlarda investitsiyalarning o‘sishi sekinlashadi, degan xulosaga kelmoqdalar. Bu xulosa biz uchun muhim.

Umuman, dunyoda o‘tgan yilda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 19 foizga tushdi va 1,2 trillion AQSh dollarini tashkil etdi. Bu tendensiyani biz bilishimiz kerak.

BMT ma'lumotiga ko‘ra, eng yirik hajmda investitsiyalarni tashqariga yo‘naltiruvchi o‘nta mamlakat qatoriga Yaponiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gongkong, Kanada, Singapur, Fransiya va Ispaniya kiradi. Eng ko‘p investitsiyalarni qabul qiladigan o‘ntalik mamlakatlariga AQSh, Xitoy, Gongkong, Buyuk Britaniya, Singapur, Braziliya, Gollandiya, Avstraliya, Hindiston, Germaniya kiradi. E'tibor bering, bularning barchasi – iqtisodiy rivojlangan, boy, ishbilarmonlik muhiti va inson kapitali yuqori darajada bo‘lgan davlatlar.

Investitsiya kimga ko‘proq kirib kelyapti, mana shunga e'tibor berib, o‘zimizga xulosa qilishimiz kerak», – dedi Sodiq Safoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ichki va tashqi salbiy omillarga qaramay, O‘zbekistonda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning muttasil o‘sishi ta'minlanmoqda: real YaIM bu yilning birinchi yarmida ham qariyb 6 foizga o‘sdi va bu – jahonda qayd etilgan o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ancha balandroqdir.

Bu, Safoyevning qayd etishicha, joriy yilda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘proq investitsiya o‘zlashtirilgani, xorijiy sarmoyalar 2,7 martaga oshib, 1,7 mlrd dollarga yetgani, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etilishi 3,7 barobar o‘sgani bilan bog‘liq.

Senatorning qo‘shimcha qilishicha, o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarning qariyb 75 foizi hududiy dasturlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: