Senatning 21-yalpi majlisi o‘z ishini boshladi 

O‘zbekiston 10:10 / 23.08.2019 16595

Bugun, 23 avgust kuni Toshkentda Oliy Majlis Senatining 21-yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Yalpi majlisda 84 nafar senator qatnashmoqda. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, ikki kun davom etadigan majlis kun tartibiga 20dan ortiq masala kiritilgan.

Jumladan, senatorlar “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi, “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ko‘rib chiqishadi.

Shuningdek, yalpi majlisda:

– “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi budjetini shakllantirish va ijro etishning yangi mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”,
– “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”,
– “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”,
– “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”,
– “Moddiy madaniy meros obektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”,
– “Ba'zi davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”,
– “Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokamaga qo‘yiladi.

Senat a'zolari qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish bo‘yicha qonunlar qabul qilishi ham kutilmoqda. Xususan:

– Xalqaro Mehnat Tashkilotining sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi to‘g‘risidagi 81-sonli Konvensiyasi (Jyeneva, 1947 yil 11 iyul),
– Xalqaro Mehnat Tashkilotining qishloq xo‘jaligida mehnat inspeksiyasi to‘g‘risidagi 129-sonli Konvensiyasi (Jyeneva, 1969 yil 25 iyun),
– Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlari to‘g‘risidagi Konvensiya (Kishinev, 2002 yil 7 oktabr),
– Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotini ta'sis etish to‘g‘risidagi Bitim (Parij, 2001 yil 3 aprel) O‘zbekiston tomonidan qabul qilinishi masalalari ko‘rib chiqiladi.

Senatorlar Markaziy saylov komissiyasining tarkibiga o‘zgartishlar kiritish va parlamentning Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiyasini tugatish masalasini ham ko‘rib chiqadilar.

Yalpi majlisda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil ikkinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti, ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining axborotlari, shuningdek Xorazm viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.

Senat a'zolari bo‘sh turgan, qurilishi tugallanmagan obektlardan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanishga doir qonun hujjatlari ijrosi holatini o‘rganish natijalari, shuningdek bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari holati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish to‘g‘risidagi masalalarni ham muhokama qiladilar.

Ko‘proq yangiliklar: