Prezident qarori: Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

O‘zbekiston 16:12 / 23.08.2019 14208

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Moliya vazirligi, O‘zbekiston nogironlar uyushmasi, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati va O‘zbekiston karlar jamiyatining yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Belgilanishicha, ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat va nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar:

yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblash va to‘lashdan ozod qilinadi;

soliqqa tortiladigan yerlar bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan, yer uchastkasining joylashgan o‘rniga qarab belgilangan yer solig‘ini stavkasiga nisbatan 0,1 pasaytiruvchi koeffitsiyenti qo‘llangan holda to‘laydi.

Davlat buyurtmachilariga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat va nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarning tovarlari (ishlari, xizmatlari)ni xarid qilish uchun kvotalar taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida ushbu qarorda ko‘rsatib o‘tilgan normalarni nazarda tutadi.

Ko‘proq yangiliklar: