Parkentda sel suv ombori quriladi

O‘zbekiston 12:17 / 23.08.2019 13712

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyati Parkent tumanida Parkent sel suv omborini qurish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, bosh loyiha tashkiloti “O‘zsuvloyiha” AJ tomonidan 8,4 mln kub m. hajmdagi sel suv ombori qurilishi nazarda tutilgan “Toshkent viloyati Parkent tumanida Parkent sel suv omborini qurish” loyihasining texnik-iqtisodiy hisobi ishlab chiqilgan.

“Toshkent viloyati Parkent tumanida Parkent sel suv omborini qurish” loyihasining texnik-iqtisodiy hisobi asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan tasdiqlanadi.

Loyihani amalga oshirish muddati 2022 yil 1 dekabr qilib belgilanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bosh loyiha tashkiloti “O‘zsuvloyiha” AJ bilan birgalikda 2020 yilning 1 fevraliga qadar tasdiqlangan texnik-iqtisodiy hisobga muvofiq ishchi hujjatlar sifatli ishlab chiqilishini hamda vakolatli ekspertiza organlaridan belgilangan tartibda ekspertiza xulosalari olinishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi mazkur qarorning ilovasiga muvofiq talab etiladigan kapital qo‘yilmalarni buyurtmachi va bosh loyihachi tomonidan taqdim etilgan aniq hisob-kitoblar asosida:

O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi parametrlari doirasida Suv xo‘jaligi vazirligiga qo‘shimcha ajratiladigan mablag‘lar hisobidan;

2020 – 2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturlari parametrlarini shakllantirish jarayonida ajratilishini nazarda tutadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi loyiha doirasida amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarining sifati yuzasidan belgilangan tartibda nazorat o‘rnatadi.

Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Hamroyev hamda Toshkent viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi R.Q. Xolmatov loyihani amalga oshirish uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanilishi hamda barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi, shuningdek, loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradilar.

Ko‘proq yangiliklar: