Maktabgacha ta'lim bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekiston 14:11 / 23.08.2019 10784

“Maktabgacha ta'lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” ixtisosligidan pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashda ilk dissertatsiyalar himoyasi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatda maktabgacha ta'lim tizimini takomillashtirish, turli shakldagi maktabgacha ta'lim tashkilotlarini barpo etish, ularni yuqori malakali, zamonaviy fikrlaydigan tarbiyachilar va mutaxassislar bilan ta'minlash, ta'lim va tarbiya jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarini joriy etishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunga kelib maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan soha uchun ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlashga ham katta e'tibor qaratildi. 2018 yili Oliy malakali ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar ixtisosliklar ro‘yxatiga yangi 13.00.08. “Maktabgacha ta'lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasining qarori bilan Maktabgacha ta'lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti huzurida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashi tashkil etildi. Ushbu ilmiy kengash 13.00.08. “Maktabgacha ta'lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha mamlakatimiz tarixidagi birinchi tashkil tashkil etilgan ilmiy kengash hisoblanadi.

2019 yil 22 avgust kuni ilmiy kengashning dissertatsiyasi himoyasi bo‘yicha ilk (birinchi) yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tadqiqotchi Nilufar Rejamatovaning “O‘zbek xalq cholg‘ulari vositasida bolalar ijodkorligini shakllantirish texnologiyalarini takomillashtirish” mavzusidagi, Go‘zal Nazirovaning “Maktabgacha ta'lim muassasalarida pedagogik jarayonlarni takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya himoyasi bo‘lib o‘tdi.

Ilmiy kengash raisi, professor Qahramon Olimov mavzu yuzasidan shunday dedi:“Hozirgi kunda ilmiy kengashga mazkur ixtisoslik bo‘yicha 1 ta fan doktorlik hamda 5 ta falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari himoyaga qabul qilingan. Shuni ta'kidlash joizki, Maktabgacha ta'lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti huzurida doktorantura tashkil qilindi hamda Maktabgacha ta'lim va tarbiya muammolariga qaratilgan 100dan ortiq muhim mavzular shakllantirildi. Bundan keyingi tadqiqotchilarga ushbu mavzular bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borishlari tavsiya qilinadi. Ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun hududlarda innovatsion va eksperimental maydonchalar tashkil qilingan. Bundan keyin eng muhim e'tibor dissertatsiya tadqiqoti natijasida ishlab chiqilgan yangi metodikalar, innovatsion ta'lim texnologiyalari va metodik ishlanmalarni amaliyotga joriy qilinishiga qaratiladi”.

Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olib ishlab chiqilgan “Ilk Qadam” davlat o‘quv dasturining joriy qilinishi tadqiqotchilar uchun keng yo‘nalishdagi izlanishlar olib borish va natijalarini ta'lim va tarbiya jarayoniga tatbiq qilish imkonini beradi.

Ko‘proq yangiliklar: