Madaniyat sohasida ta'lim olishni xohlagan yoshlarga grantlar ajratiladi – Madaniyat vazirligi

O‘zbekiston 23:15 / 23.08.2019 4789

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan grantlar dasturi e'lon qilindi. Ular xorij o‘quv yurtlarining magistratura, O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichida o‘qish uchun beriladi.

Bu haqda Madaniyat vazirligi mas'ul xodimlari ishtirokida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lumot berildi.

Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi «Ta'limni rivojlantirish» bo‘limi boshlig‘i Madina Badalovaning ma'lumot berishicha, grantlar madaniyat va san'at sohasida menejment, qayta tiklash va saqlash, arxitektura, madaniy sayyohlik, grafik dizayn, tasviriy san'at, muzeyshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha ajratiladi.

«Aynan ushbu yo‘nalishlar tanlanishining ham sababi bor. Muzeylarimiz va madaniyatimizning ayrim sohalarini rivojlantirishda ko‘zga tashlanayotgan asosiy muammo kadrlar masalasiga borib taqalmoqda», deya Madina Badalovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, grantlar dasturida qatnashishni xohlagan talabalar, avvalo, jamg‘armaning sayti orqali onlayn ariza va talab qilingan hujjatlarni topshirishlari (ariza shabloni saytga joylashtirilgan) va keyingi bosqichda suhbatdan o‘tishi kerakligi ham mutasaddilar tomonidan ta'kidlandi.

Bundan tashqari, Madina Badalova dastur haqida tanishtirish jarayonida grantga erishishni xohlagan talabalar ekspertlar bilan suhbat chog‘ida kelajakda madaniyat rivoji uchun hissa qo‘sha olishlariga ishontirishi ham muhim ekanligini aytib o‘tdi.

Xorijiy ta'lim uchun grant sovrindorlarining barcha xarajatlari, jumladan, ularning borish-kelish va xavfsizligi bilan bog‘liq chiqimlarning barchasi jamg‘arma tomonidan qoplab beriladi. Va o‘z navbatida sovrindor talabalar magistratura ta'limini tugallab qaytganlaridan so‘ng Madaniyat vazirligi tizimida 3 yil ishlab berishlari lozim bo‘ladi.

Grantlar dasturi bo‘yicha yana bir e'tibor qaratish lozim bo‘lgan tartib - ayni paytda qaysidir grant g‘olibi hisoblangan yoshlar ushbu dasturda ham sovrindor bo‘lishi imkoni cheklangan.

Ma'lumot uchun: grantlar uchun hujjatlarni qabul qilish 15 sentyabrda yakunlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: