Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kadastr yoki DXAga borish shart bo‘lmaydi

Jamiyat 19:40 / 23.08.2019 11329

Bugun, 23 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi va OAV vakillari ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari To‘lqin Abdullayev bergan ma'lumotlarga ko‘ra, shu paytga qadar 509 147ta ko‘chmas mulk obektlari amnistiya asosida davlat ro‘yxatiga o‘tkazilgan va buning natijasida qo‘shimcha soliqlar tushumini 45 mlrd so‘mga orttirishga erishilgan.

2019 yil 5 aprelda qabul qilingan «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab uy-joyga mulk huquqini hamda qonun asosidagi ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun uy-joyni foydalanishga qabul qilib olish dalolatnomasi va boshqa zarur hujjatlar tijorat banklari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar) filiallariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuboriladi;

2020 yil 1 yanvardan boshlab ko‘chmas mulk obektini «E-IJRO AUKSION» Yagona elektron savdo maydonchasida auksion orqali sotish (davlat aktivlari qismida) va rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish natijasida vujudga keladigan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlar tegishlicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va rieltorlik tashkilotlari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuboriladi;

Reyestrdan ko‘chirma Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, rieltorlik tashkilotlari va tijorat banklari tomonidan mulkdorning xohishiga ko‘ra elektron va (yoki) qog‘oz shaklida ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlar va qonun asosidagi ipoteka davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ushbu bandda nazarda tutilgan muddatlarda beriladi.

Endilikda tashkilotlarning ma'lumotlari asosida mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida ariza talab etilmaydi va quyidagilar:

  • ko‘chmas mulkni begonalashtirishda davlat notarial idorasiga Reyestrga ulanish imkoniyatini bergan holda, unga bino va inshootlarning tarkibi va tegishliligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani taqdim etish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ko‘chmas mulk egalaridan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatga ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning yozuvi (shtampi) qo‘yilishini talab qilish;
  • 2020 yil 1 yanvardan boshlab qurilgan uy-joyga mulk huquqini hamda qonun asosidagi ipotekani O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlash, shuningdek, bankka ro‘yxatdan o‘tkazilgan uy-joyga nisbatan mulk huquqi to‘g‘risidagi hujjat nusxasini va qonun asosidagi ipoteka davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi shtamp qo‘yilgan kredit shartnomasini taqdim etish bo‘yicha qarz oluvchining majburiyatlarini nazarda tutuvchi tartib bekor qilinadi.

Joriy yilning boshidan hozirgi kungacha Davergeodezkadastr qo‘mitasi tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi:

  • Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda guvohnoma rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilindi.
  • Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda Davreyestr yagona tizimi ishlab chiqilib ishga tushirildi. Bunda ushbu tizim orqali mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulki bo‘yicha ma'lumotlarni bevosita o‘zi internet orqali olish imkoniyati yaratildi.
  • Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini tasdiqlovchi Reyestrdan ko‘chirma taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
  • Kadastr pasportining elektron shakli tasdiqlanib, kadastr pasportining shaklini elektron tizimda bajarish bo‘yicha reglament ishlab chiqildi.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining «ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish imkoniyati endi banklar notariuslar, rieltorlik tashkilotlariga ham berilarkan. Oldin bu ish bilan shug‘ullangan kadastr bo‘limlari, DXAdan bu vakolatlar olindimi?» degan savoliga rais o‘rinbosari To‘lqin Abdullayev shunday javob berdi: – Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish baribir kadastr tomonidan amalga oshiriladi. Faqat buning uchun yuridik yoki jismoniy shaxslar bevosita murojaat qilishlari, navbatlarda turishlari shart emas. Yangi joriy qilinayotgan qulayliklarga ko‘ra shunchaki notariusda yoki belgilangan boshqa tashkilotda elektron tarzda qayd qilishlari kifoya».

Ko‘proq yangiliklar: