Hafta o‘yinlari anonsi. Angliyada peshqadamlar to‘qnashuvi va Ispaniyada «Barselona»ning qiyin o‘yini

Sport 17:30 / 23.08.2019 31461

Yevropada transferlar oynasi avjiga chiqqan bir paytda ligalar yanada qizishi turgan gap. Bir qator o‘yinlarda top-yulduzlarning debyutlari ro‘y bersa, yana ba'zi futbolchilar uchun bu o‘yinlar so‘nggi imkoniyat sifatida baholanishi mumkin. Shuningdek, bu haftadan kuchli beshlik ham to‘liq bo‘ladi: Italiya A Seriyasi boshlanmoqda.

«UOTFORD» - «VeST HEM» (24 avgust, 19:00)

Agar haqiqiy APLning jozibasini, hech qaysi boshqa ligalarda ko‘rilmaydigan haroratini his qilishni istasangiz, bu o‘yinni o‘tkazib yubormang. Top-6 ga har tomonlama yaqinlashib kelayotgan, o‘z oldiga ligada qolish emas, jadvalning yuqori qismidan joy olishni maqsad qiladigan ikki jamoa mavsumdagi ilk g‘alabaga erishish uchun ter to‘kadilar.

«Uotford» qanday hayron qoldirishni biladi, esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumning boshlarida 5 turgacha yuz foizlik natija ko‘rsatib, turnir jadvalini boshqargandi. «Vest Hem» esa, so‘nggi yillarda transferlar uchun eng faol bo‘lgan jamoalardan biridir. Ayniqsa, aynan tajribali futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olishga alohida e'tibor qaratadi. Sabaleta, Uilshir, Ernandes, Fabyanski kabi futbolchilar o‘z vaqtida top-klublar safida o‘ynashgan, Pellegrini esa murabbiy sifatida hatto Angliya chempioni ham bo‘lgan.

«Vest Hem» birinchi turda yirik mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, raqib «Manchester Siti» edi. Ikkinchi turda jamoa yomon ko‘rinmadi, «Brayton»ga qiyin safardan ochko bilan qaytildi. Ammo bu borada «Uotford» hayron qoldiryapti va o‘tgan avgustning teskarisini qayd etmoqda.

«Guddison»dagi mag‘lubiyatni tushunsa bo‘ladi, ammo ochilish o‘yinida «Brayton»dan o‘z maydonidagi 0:3 hisobidagi mag‘lubiyatni kechirish qiyin. «Uotford» hali raqib darvozasini ishg‘ol qila olmagan ikki klubdan biridir. Demak, Grasiya shogirdlarida isbotlash kerak bo‘lgan holatlar ko‘p.

O‘zaro o‘yinlarda tenglikni ko‘ramiz, masalan so‘nggi 10 uchrashuvning 4tasida «Vest Hem», 4tasida «Uotford»ning qo‘li baland kelgan. Ushbu stadionda o‘tgan so‘nggi o‘yinda esa, londonliklar yirik - 4:1 hisobida g‘alaba qozonib ketishgandi.

ShALKe – BAVARIYa (24 avgust, 21:30)

«Bavariya» mana ikkinchi yildirki Niko Kovach boshchiligida Bundesligani biroz ishonchsiz boshlamoqda. O‘z maydonida «Herta»ga qarshi o‘yindagi durang myunxenliklarni ilk turdanoq ta'qibchi maqomiga tushirib qo‘ydi. Zero, «Borussiya» o‘z o‘yinini ishonchli g‘alaba bilan boshladi va ancha tetik ko‘rinmoqda. Buni biz Superkubok uchun o‘tkazilgan mana shu ikki peshqadam o‘rtasidagi bahsda ham ko‘rdik – dortmundliklar «Bavariya» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.

«Bavariya»ni yana bir tarafdan kuzatish qiziq. Salkam so‘nggi o‘n yillikda «Bavariya»ning asosiy quroli bo‘lib kelgan Robben va Riberi juftligi endi yo‘q, shuningdek, Mats Hummels, Rafinya kabi futbolchilar ham jamoani tark etishdi. Ularning o‘rniga esa, ijara asosida Perishich va Koutino, rekord transfer narxi evaziga Lyuka Ernandes kabi futbolchilar «Bavariya» libosini kiyishdi. Ya'ni, bu mavsum qaysidir ma'noda to‘laligicha Niko Kovachning jamoasini ko‘rishimiz mumkin, avvalgi jamoalarga o‘xshatib turadigan asosiy nomlar endi yo‘q.

«Shalke» ham mavsumni durang bilan boshladi, ammo Menxengladbaxdagi durangni bemalol plyusga yozish mumkin. Umuman, jamoa tarkibi Bundesliga uchun ancha tajribali hisoblanadi va o‘tgan mavsumdagi past natija ko‘proq, Chempionlar Ligasidagi ishtirok va omadsizlik bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Ochipka, Stambuli, Nastasich, Konoplyanka, Kalidjuri, Bentaleb, Ut kabi futbolchilar bilan faqat yuqori o‘rinlar uchun kurashish kerak va «Bavariya»ga qarshi o‘yinda «Shalke» munosib qarshilik ko‘rsata olishiga umid bildirish mumkin.

«Bavariya» so‘nggi besh o‘yinda «Shalke» ustidan g‘alaba qozonib kelganini ham e'tirof etgan holda, «Shalke» o‘z maydonidagi oxirgi olti o‘yinda maydonni golsiz tark etmayotganini ham ta'kidlash kerak.

LIVeRPUL – ARSeNAL (24 avgust, 21:30)

Angliyada ikki turdan keyin faqat ikki jamoa yuz foizlik natija ko‘rsatgan va aynan shu ikki raqib shanba oqshomida orani ochiq qiladi. Demak bu o‘yinda g‘olib bo‘lgan jamoa Premer-Liganing yaqqol peshqadamiga aylanadi.

«Biz «Liverpul»ga qarshi o‘ynashni istamagan bo‘lardik, qaniydi ular bilan umuman to‘qnash kelmasak» - deganda Emeri ko‘proq raqibning kuchli ekanini e'tirof etmoqchi bo‘ldi, lekin agar statistikaga qarasak ham, shunga yaqin holatning guvohi bo‘lamiz.

2015 yilning aprelida, ya'ni hali Yurgen Klopp Angliyaga kelmasidan oldin so‘nggi marta londonliklar «Liverpul»ni mag‘lub etishgan. Shundan buyon, mana, sakkiz o‘yindirki, «Arsenal» g‘alaba qozona olmayapti - to‘rt durang, to‘rt mag‘lubiyat. Jumladan, «Enfild»dagi so‘nggi ikki to‘qnashuvda «Liverpul» to‘rt gol farqi bilan ustun kelgan: 4:0 va 5:1. Emeri o‘sha mashhur fikrlaridan oldin, bu ma'lumotlarga ham qarab qo‘ygan bo‘lsa, ajab emas.

Ammo aytish mumkinki, «Arsenal» hozir yaxshi sport formasida. G‘alabalar qiyinchilik bilan qo‘lga kiritilgan bo‘lsa-da, ochkolar jamoaga ishonch olib kelgani shubhasiz. Xususan, Per-Emerik Obemeyangning juda samarali o‘ynayotganini e'tirof qilish lozim. «Real» tarkibidan kelib qo‘shilgan Sebalos ham jamoada muhim figuralardan biri bo‘la olishini «Byornli»ga qarshi o‘yinda isbotladi. U barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi va «Arsenal» urgan har ikki gol ham uning assistlaridan so‘ng yuzaga keldi.

«Liverpul», o‘sha «Liverpul», hozircha faqat «Norvich»ga qarshi yarim soatda o‘z kuchini namoyon qilgan bo‘lsa-da, istalgan paytda pragmatik jamoaga aylana olishini o‘tgan mavsumda ham ko‘rgandik. Faqat, bu safar himoya chizig‘i u qadar ishonchli ko‘rinmayapti. Klopp jamoasi maydonga tushgan barcha to‘rt o‘yinda ham o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi. Balki bu holat aksincha, o‘yinning yanada qiziqarli bo‘lishiga sabab bo‘lar?

Tarkiblarga kelsak, «Liverpul»da hali ham Alison Beker jarohatlangan. Shuningdek, Nabi Keytani ham bu oy maydonda ko‘rmasak kerak. Mehmonlarda esa, Ektor Bellerin va yangi xarid Kiran Tirni faqat oktabr oyida safga qaytadilar. Granit Jaka ham hali yordam berishga tayyor emas, ammo yuqorida tilga olingan Sebalos hatto Jakani ham zaxira o‘rindig‘iga o‘tirg‘izib qo‘yishi mumkin.

FIOReNTINA – NAPOLI (24 avgust, 23:45)

Nihoyat kuchli beshlikda so‘nggisi – Italiya A Seriyasiga ham start beriladi. Doimo kuchli «Yuventus»dan tashqari, Milan klublarining ham yozda bir qator e'tiborli xaridlarni amalga oshirganliklari, navbatdagi Italiya chempionatining qiziqroq o‘tishiga zamin yaratsa kerak.

«Fiorentina» ham bo‘sh turmadi, tarkibga qo‘shilgan ikki mashhur nom alohida ta'kidlashga arziydi: Kevin Prins Boateng «Barselona»dagi omadsiz ijaradan so‘ng, «Sassuolo»dan o‘tdi, shuningdek, Frank Riberi erkin agent sifatida florensiyaliklar safini to‘ldirdi. «Napoli»ning transferlari ham qiziq. «Roma»dan Manolasning kelib qo‘shilishi bilan jamoa A Seriyadagi eng kuchli himoya chizig‘iga ega bo‘ldi, deb aytish mumkin. Bugun esa, PSV yetakchilaridan biri Losanoning «Napoli»ga o‘tgan rasman e'lon qilindi. Meksikalik hujumchi Niderlandiya chempionati doirasida maydonga tushganini e'tiborga olsak, u juda yaxshi sport formasiga ega va balki, ushbu o‘yindanoq maydonda harakat qilishi ham mumkin.

O‘zaro o‘yinlar haqida to‘xtalsak, mehmonlarning ustunligi katta, lekin aksariyat to‘qnashuvlarda duranglar ham qayd etilgan. So‘nggi 20 uchrashuvning 8tasida g‘olib aniqlanmagan bo‘lsa, 10 uchrashuvda «Napoli» g‘alaba qozongan. O‘tgan yili Florensiyada o‘tgan uchrashuvda hisob ochilmagandi. Aynan «Fiorentina» maydonida o‘tkazilgan o‘yinlarda esa, «Napoli» so‘nggi bor 2014 yilda g‘alaba qozonganini ham ta'kidlash kerak. Demak, chempionlikka asosiy da'vogarlardan biri ilk turdanoq ochko yo‘qotishi ehtimoli bor.

BARSeLONA – BeTIS (25 avgust, 23:55)

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yilgi «Kamp Nou»dagi o‘yin juda qiziqarli va gollarga boy bo‘lgan, o‘yin «Betis»ning 4:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi. Umuman, turnir jadvalida pastroqda yurishsada, andalusiyaliklar alohida o‘yinlarda nihoyatda sifatli o‘yin namoyish qilishgan, xususan, mana shu o‘yin va Milandagi Yevropa Ligasi to‘qnashuvini eslash kifoya.

Har ikki jamoa ham mavsumni yomon boshlashdi. Messisiz, yana o‘yinning birinchi bo‘limidayoq jarohatlanib maydonni tark etgan Suaressiz o‘ynagan Valverde shogirdlari Bilbaoda kichik hisobda imkoniyatni boy berishdi. «Betis» esa kutilmaganda, o‘z maydonida o‘tgan mavsum autsayderlaridan biri «Valyadolid»ga yutqazdi – 1:2. Bu o‘yinning 8-daqiqasidayoq «Betis» darvozaboni qizil kartochka olib maydonni tark etgani yakuniy natijaga ta'sir ko‘rsatgani shubhasiz.

Aytish mumkinki, «Betis» transfer oynasini juda faol o‘tkazmoqda. Jamoaning asosiy o‘yinchilari Jovanni Lo Chelso va Viktor Kamarasa APLga ravona bo‘lishsa-da, xarid qilingan futbolchilar ham juda e'tiborga molik, ayniqsa, «Lion»ning ko‘p yillik yetakchisi Nebil Fekirning aynan «Betis» safiga kelib qo‘shilishi ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi. «Liverpul», «Arsenal» kabi jamoalar bilan nomi birga tilga olingan yarim himoyachi La Liga futbolchisiga aylandi. Ommaviy axborot vositalarda jarohat riski yuqori bo‘lgani uchun ko‘p top-klublar Fekirdan voz kechishgani aytilmoqda, bu ham ayni muddao – fransiyalik futbolchi erta hisobdan chiqargan futbol olamiga o‘zini isbotlash imkoniyatiga ega. Dastlabki urinish muvoffaqiyatsiz chiqqan bo‘lsa-da, u jamoa tarkibida yuqori ball olgan ikki futbolchidan biri bo‘ldi.

Tarkiblarga kelsak, «Betis»da yuqorida tilga olingan qizil kartochka tufayli Xoel Robles darvozani qo‘riqlay olmaydi. Shuningdek, Gerrero, Kanales, Karvalyu kabi futbolchilar mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lishsa-da, bu o‘yinga qay darajada tayyor bo‘lishlari noma'lum. Mezbonlar safida esa, Messi mashg‘ulotlarga qaytdi, hatto umumiy guruhda ham shug‘ullanmoqda. Futbolchining sport formasida ilk daqiqalardan maydonga tushishga xalaqit berishi mumkin, ammo biz Messini yaxshi bilamiz va katta ehtimol bilan u jamoasini sardor sifatida o‘yinga boshlab tushadi. Buning ustiga, Bilbaoda jarohat olgan Suaresning yo‘qligi, Dembelening ham safdan chiqqani, Koutino Germaniyaga ketganini e'tiborga olsak, Messidan boshqa nomzod ham qolmayapti.

BOShQA O‘YINLAR

23 avgust. «Granada» – «SeVILYa» (23:00), «Kyoln» – «BORUSSIYa» D (23:30)

24 avgust. «MANCheSTeR YuNAYTeD» – «Kristal Pelas» (19:00), «Parma» – «YuVeNTUS» (21:00), «ReAL» – «Valyadolid» (22:00),

25 avgust. «Bornmut» – «MANCheSTeR SITI» (18:00), «TOTTeNHEM» – «Nyukasl» (20:30), «Udineze» – «MILAN» (21:00), «Leganes» – «ATLeTIKO» (22:00), «ROMA» – «Jyenoa» (23:45). «PSJ» – «Tuluza» (23:55)

26 avgust. «INTeR» – «Lechche» (23:45)

Ko‘proq yangiliklar: