Bosh prokuror o‘rinbosari: «O‘zbekistonda korrupsioner qaysi mansab egasi bo‘lishidan qat'i nazar jazosini oladi»

O‘zbekiston 15:20 / 23.08.2019 25137

Senat yalpi majlisida hukumatning parlamentga hisoboti berishi asnosida so‘z olgan Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev senatorlar e'tiborini korrupsiyaga doir bir nechta masalalarga qaratdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, prokuratura rasmiysi antikorrupsion qonunchilikdagi nomukamallik, davlat mablag‘lari taqsimoti ustidan jamoatchilik nazorati, OAV mustaqilligi va jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kayfiyat yaratish masalalariga to‘xtalib o‘tgan.

«Muhimlaridan birinchisi. Antikorrupsion qonunchilikni takomillashtirish, uning ijro mexanizmi va qonunni qo‘llash amaliyoti o‘rtasida uzilishlar borligi hech kimga sir emas. Hammamiz bu jarayonda yashaganmiz, bilamiz. Mana shu uzilishni bartaraf etish lozim.

Bugungi vazifa – korrupsiya uchun jazoning muqarrarligi muhitini yaratish. Jamiyatda shunaqa fikr shakllandi, bunga hammangiz guvoh bo‘lib turibsiz. Bugungi kunda O‘zbekistonda korrupsioner qaysi mansabda, qaysi mavqeda bo‘lishidan qat'i nazar jazosini oladi.

Ikkinchi juda muhim yo‘nalishimiz – davlat mablag‘lari taqsimoti ustidan jamoatchilik nazorati. Bugun ham jamoatchilik nazorati bilan bog‘liq masala yalpi majlisga qo‘yilgan», – dedi Erkin Yo‘ldoshev.

Yo‘ldoshev korrupsiyaga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalarining rolini ham e'tirof etib o‘tdi.

«Yana bir o‘ta muhim yo‘nalishlardan biri – axborot vositalarining erkin va mustaqil faoliyat olib borishi uchun imkoniyat yaratish. Bu antikorrupsion jarayonni kuchaytirishning favqulodda omili ekani sir emas. Antikorrupsion choralardan xalqni imkon qadar ko‘proq xabardor qilishimiz shart.

Bugungi kundagi ijtimoiy tarmoqlar, matbuotning bugungi faoliyati, xalq bilan bog‘langanligi darajasi jamiyatda antikorrupsion muhitning mutlaqo yaxshilanishiga jiddiy ta'sir ko‘rsatyapti, desak xato qilmaymiz.

Bularning yig‘indisini oladigan bo‘lsak, nafaqat mansabdorlar, balki butun aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish birinchi o‘ringa chiqyapti.

Va nihoyat. Korrupsiyani bitta hamla bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Bitta sermab qilich tortgan bilan korrupsiya tag-tomiri bilan yo‘q bo‘lib ketmaydi. Iloji yo‘q narsa bu. Buning uchun keng qamrovli mashaqqatli jarayondan o‘tishimiz kerak bo‘ladi», – dedi Erkin Yo‘ldoshev.

Bosh prokuror o‘rinbosariga ko‘ra, bu borada Bosh prokuror rahbarlik qilayotgan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi komissiyaning faoliyatigina yetarli emas, buning uchun aholi vakillarining ham yordami zarur.

«Bugungi kunda bosh prokurorimiz rahbarlik qilayotgan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi komissiya faoliyati yetarli emas. Bizning korrupsiya bilan kurashishimiz faqat jinoyatchilikni topib olib, jazolash emas, balki unga olib keladigan sabablarni aniqlash va bartaraf qilishdan iborat.

Buning uchun esa butun xalq, jamiyat qo‘zg‘alishi kerak. Korrupsiyaga ko‘nmaslik degan kayfiyat shakllanishi kerak», – deb ta'kidladi Yo‘ldoshev.

Ko‘proq yangiliklar: