24 avgust kuni O‘zbekiston bo‘ylab yirik ommaviy salomatlik tadbirlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 18:50 / 23.08.2019 2841

Sog‘liqni saqlash vazirligi 24 avgust kuni mamlakat bo‘ylab yirik ommaviy salomatlik tadbirlari tashkil etilishi to‘g‘risida ma'lum qildi.

«O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Prezidentning o‘tgan yil 18 dekabrdagi «Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ushbu sa'y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda.

Shundan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniya hamkorligida joriy yil 24 avgust, yakshanba kuni Mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan «Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz» shiori ostida ommaviy yurish tadbirlari tashkil etilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi yurtdoshlarimizni poytaxtimiz va hududlarda tashkil etilayotgan yirik ommaviy yurish tadbirlariga taklif etadi.

Sog‘lom va chiroyli hayot kechirish uchun qanday holatda ham jismoniy faollikka vaqt ajratib turishni unutmang!», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegramdagi kanali xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: