1 sentyabrdan boshlab ayrim uskunalarni O‘zbekiston hududiga olib kirish taqiqlanadi

O‘zbekiston 10:30 / 23.08.2019 85820

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ilgari foydalanilgan generator uskunalari, kuchlanishni pasaytiruvchi transformatorlar, elektr dvigatellar, shuningdek, energiya samaradorligi D toifadagi energiya sarflovchi uskunalarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlandi.

Belgilanishicha, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari uchun elektr texnika uskunalari va qurilmalarini, shuningdek, butlovchi buyumlar va materiallarni xarid qilish “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan markazlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

Quyidagilar:

Energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining yangilangan tarkibi;

energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalarning namunaviy tarkibi tasdiqlandi.

Respublika komissiyasi (A.N.Aripov):

2019 yil 15 oktyabrga qadar energiya samaradorligini oshirish va yoqilg‘i-energetika manbalarini tejash ko‘rsatkichlarini aniqlash metodikasini tasdiqlaydi;

2019 yil 20 oktyabrga qadar kelgusida energiya samaradorligini baholash va yoqilg‘i-energetika manbalarini tejash maqsadida energiya sarfi hajmi katta bo‘lgan korxonalar kesimida iqtisodiyot tarmoqlari ro‘yxatini shakllantiradi;

2019 yil 20 dekabrga qadar 2020-2022 yillarda kamida 2,4 milliard kVt/soat elektr energiyasi, 2,4 milliard metr kub tabiiy gaz va 20 ming tonna neft mahsulotlarini tejashni nazarda tutuvchi iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha energiya samaradorligini oshirish va yoqilg‘i-energetika manbalarini tejash maqsadli ko‘rsatkichlarini tasdiqlaydi;

zarur hollarda Kompleks dastur parametrlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi;

mazkur qarorda belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etadi va muvofiqlashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Respublika komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi.

Belgilanishicha:

a) O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:

iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirishni ta'minlash, mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qat'i nazar barcha toifadagi iste'molchilarda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasidagi loyihalarni muvofiqlashtirish va boshqarish, shuningdek, ularni amalga oshirish davrida monitoring va hisobotlarni yuritish uchun mas'ul bo‘lgan ijro etuvchi organ sifatida ishtirok etadi;

Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi;

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha xalqaro agentlikda (IRENA) O‘zbekiston Respublikasining milliy muvofiqlashtiruvchi organi hisoblanadi;

b) qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari va dasturlari O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan kelishilishi shart.

Ko‘proq yangiliklar: