Vazirlik Andijondagi voqeadan keyin yana bir bor shifokorlarga hujum qilganlik uchun keskin choralar joriy etilishini so‘radi

O‘zbekiston 14:40 / 22.08.2019 26218

Sog‘liqni saqlash vazirligi 21 avgust kuni Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida shifokorlarga bemorning qarindoshi tomonidan suiqasd uyushtirilishi, shifokorlar xonasiga benzin sepib, xonaga o‘t qo‘yib yuborishga urinish holati bo‘yicha munosabat bildirdi.

«Ma'lumki, vazirlik jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi noxush holatlarning oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat'iy javobgarlikni kuchaytirish lozimligini muntazam ta'kidlab keladi.

Shundan kelib chiqqan holda, bundan bir muddat oldin Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tayyorlangan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi. Mazkur loyiha bilan o‘z xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlarni Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi 277-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish hamda ushbu harakatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholash taklif etilgan edi. Kuni kecha Andijonda sodir etilgan voqea ham ushbu loyiha qabul qilinishi nihoyatda dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vaziri shifokorlarning haq-huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Bosh prokuraturasigaham murojaat bilan chiqqan edi. Unga ko‘ra, o‘z xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish tashabbusi ilgari surilgan.

Tibbiyot xodimlarigi tajovuz qilish holatlari sodir etilishining asosiy sabablaridan biri jamiyat va xalqqa tun-u kun xizmat qilayotgan shifokorlarga nisbatan tajovuz qilganlik uchun ko‘zda tutilgan jinoiy jazolarning birmuncha liberalligidir. Oqibatda esa hech bir aybi bo‘lmagan tibbiyot xodimining sog‘lig‘iga tiklab bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazgan shaxslar ham ayrim hollarda amalda hech qanday jazo o‘tamasdan qolib ketayotganini qayd etib o‘tmasdan ilojimiz yo‘q.

Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi Oliy Majlisga shifokorlar haq-huquqlari himoyasini yanada mustahkamlash maqsadida amaldagi qonunchilikni yanada kuchaytirish, shuningdek, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi kabi qator huquqni muhofaza qilish organlaridan fuqarolarning shifokorlarga tahdid va tajovuz qilish kabi holatlarning oldini olish va bartaraf etish borasida jiddiy va keskin choralar ko‘rib borishlarini, bu borada profilaktika ishlarini yana kuchaytirishlarini qat'iy so‘rab qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegram kanalidagi xabarida.

Bundan avvalroq Andijonda shifokorning qo‘li bog‘lanib, ustiga benzin sepilgani haqida xabar berilgandi. 

Foto: Skrinshot / O‘zA

Tajovuz oqibatida jabrlangan Bobur Shavkatov, Abduvohid Mo‘'minov, Madina Erkinova va Izzatoy Mamajonova shifoxonaga yotqizilgan. Ularga infuzion, detoksikatsion, degidratatsion va simptomatik terapiya o‘tkazildi. Tibbiy ko‘riklar natijasida hozirda bu xodimlarning ham umumiy holati nisbatan qoniqarli, deb baholangan.

Ko‘proq yangiliklar: