Toshkentda xokkey bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkaziladi

Sport 07:49 / 22.08.2019 5406

23-24 avgustda Toshkentdagi ko‘p tarmoqli «Humo Arena» muz saroyida xokkey bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlab xalqaro turnir o‘tkaziladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar bermoqda.

Musobaqada Tungi xokkey ligasining doimiy ishtirokchisi, Rossiyaning «Premer» jamoasi hamda O‘zbekistonning «Toshkent» va «Humo» klublari faxriylari ishtirok etadi. Xalqaro turnir O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi va «Toshkent» xokkey klubi hamkorligida tashkil etilmoqda. 

Turnirning rasmiy ochilish marosimi 23 avgust kuni soat 15:00da muhtasham «Humo Arena» muz saroyi hududida o‘tkaziladi. Shu kuni «Premer» va «Toshkent» jamoalari a'zolari dastlabki uchrashuvda kuch sinashadi. 24 avgust kuni soat 12:00da rossiyaliklar «Humo» jamoasiga qarshi kurash olib boradi. 

Qayd etish lozimki, “Premer“ klubiga 2005 yilda afsonaviy xokkeychi Vyacheslav Fetisov tashabbusi bilan asos solingan. Bugungi kunda mazkur jamoa tarkibi xokkeyga mehr qo‘ygan, bir-birini nafaqat muz ustida, balki maydon tashqarisida ham doimo qo‘llab-quvvatlaydigan insonlardan iboratdir. “Premer” xokkey klubi avvaliga o‘z oldiga sport musobaqalarida ishtirok etishni maqsad qilib qo‘ymagan edi. Shunga qaramay, 2010 yilga kelib jamoa havaskor xokkey klublari o‘rtasida o‘tkaziladigan turnirlarning doimiy ishtirokchisiga aylandi. 2015-2016 yilgi mavsumda “Premer“ jamoasi Tungi xokkey ligasi festivali beshinchi saralash bosqichi muntazam chempionati yakunida eng yuqori natija ko‘rsatdi. Pley-off natijalariga ko‘ra ham, “Orzular ligasi“ (Ikkinchi divizion)ning “18+” divizionida 1-o‘rinni egalladi. 

Ko‘proq yangiliklar: