O‘zbekiston madaniyatini o‘rganish va asrashga bag‘ishlangan xalqaro kongress ish boshladi

O‘zbekiston 20:16 / 22.08.2019 3481

Joriy yilning 22 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib etish bo‘yicha butunjahon jamiyatining III xalqaro kongressi ish boshladi.

Ikki kun davom etadigan mazkur kongress 22-27 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar va madaniyatlar” mavzuidagi madaniy meros haftaligi doirasida o‘tmoqda.

Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari:

Eng qadimgi davrlardan beri, O‘zbekiston sayyoramizning eng yirik arteriya qon tomiri, transport va kommunikatsiya vositasi ─ Buyuk Ipak yo‘liga o‘z bag‘rini ochgan. Bu yo‘l nafaqat tovar almashinuvi, balki ilm almashinuvi va madaniyatlar rivojiga ham hissa qo‘shgan. Ilm-fan va madaniyat almashunivida Sharq va G‘arb orasidagi ko‘prik hisoblangan bu hudud butun insoniyatning boyligidir.

Shu bois O‘zbekiston siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri YuNeSKO bilan doimiy hamkorlik hisoblanadi. YuNeSKO bosh direktorining yaqin kunlarda O‘zbekistonga kutilayotgan tashrifi bu hamkorlikni hamda o‘zbek madaniyat merosini asrash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.

Hozirda butun dunyoda iste'mol hajmining oshishi, tirik tabiatning halokat yoqasiga kelib qolgani, genofondning o‘zgarishi, Yer sayyorasi ekologik manzarasining keskin o‘zgarishi kabi salbiy holatlar kuzatilayotgani sir emas. Shunday sharoitda taraqqiyot barqarorligi hamda zamon o‘rtasidagi muvozanatni, insoniyat madaniy tarixini saqlab qolish, bahamjihatlikda ish ko‘rish muhim. Bugungi kongress ham ayni shu maqsadda O‘zbekiston hukumati tomonidan qo‘yilgan muhim qadamdir.

Aziz Abduhakimov, Bosh vazir o‘rinbosari:

O‘zbekiston YuNeSKO bilan hamkorlikda alohida davlat dasturiga ega bo‘lgan yagona mamlakat hisoblanadi. Bu O‘zbekistonning o‘z muhtasham madaniyatini asrashga e'tiborining yorqin dalilidir. “O‘zbekiston buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar va madaniyatlar” madaniy meros haftaligi hamda bugungi kongress ham ayni shu maqsadda o‘tkazilmoqda. Haftalik doirasida O‘zbekiston tarixining ajralmas qismi bo‘lgan Islom madaniyati, Temuriylar davri, Kushon sivilizatsiyasi, So‘g‘d imperiyasi madaniyati bilan yaqindan tanishtiriladi. Tarix, madaniyatni o‘rganishdagi qadamlar bu bilan to‘xtab qolmaydi. Bu masala har doim hukumat darajasida ko‘rib chiqiladi.

Bekzod Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Prezidenti, akademik:

Million yil avval ham O‘zbekiston hududida insonlar yashagani ilmiy nuqtai nazardan isbotlangan. Bu zaminda insoniyat tarixidagi eng buyuk dinlar ─ buddaviylik, zarudushtiylik, Islom taraqqiy topgan. Bu O‘zbekiston madaniyatini o‘rganishning ahamiyatiga ishora qiladi. Shu bois nafaqat mahalliy ilm ahli, balki butun dunyo hamjamiyati bu madaniy va ma'naviy merosni o‘rganish yo‘lida birlashishi lozim.

44ta mamlakatdan 250 nafardan ziyod olimni jamlagan kongressning birinchi kunida Movorounnahr qo‘lyozmalari, so‘g‘d madaniyati, buddaviylik madaniyati, o‘zbek hunarmandchiligi, Temuriylar sulolasi merosi mavzulariga bag‘ishlangan ma'ruzalar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan qimmatbaho qo‘lyozmalar kongress ishtirokchilariga tanishtiriladi hamda Kushon imperiyasiga taalluqli noyob eksponatlar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

Kongressning ikkinchi kunida esa Islom madaniyati, “O‘zbekistonning 114 Qur'oni” loyihasi, o‘rta asr miniatyura san'ati mavzuida ilmiy suhbatlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Haftalik davomida Toshkent, Termiz, Buxoro va Samarqand shaharlarida o‘zbek madaniyatini o‘rganish va asrash, targ‘ib etishga bag‘ishlangan qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: