«Mehribonlik» uylari pedagog xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi o‘zgaradi

O‘zbekiston 14:14 / 22.08.2019 4547

Vazirlar Mahkamasining “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalari pedagog xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalari pedagog xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Xalq ta'limi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalari pedagog xodimlarining attestatsiyasi natijalarini baholash mezonlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi bir oy muddatda “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalari rahbar va pedagog xodimlarining asosiy lavozimlari malaka tavsiflarini qayta ko‘rib chiqadi.

“Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalari pedagog xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, u “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida tarbiyachi, o‘qituvchi-defektolog, o‘qituvchi-logoped lavozimlarida faoliyat yuritadigan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Pedagog xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish:

pedagog xodimlar kasbiy mahorati darajasining lavozimlari malaka tavsiflariga muvofiqligini aniqlash;

pedagog xodimlar kasbiy mahoratining maqsadli va muntazam oshirilishini ta'minlash;

“Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida ta'lim-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirish maqsadida amalga oshiriladi.

Pedagog xodimlarning lavozimlari malaka tavsiflariga muvofiqligi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan xodimlarning- asosiy lavozimlari malaka tavsiflaridagi talablar asosida o‘rganiladi.

Pedagog xodimlar attestatsiyasi qonuniylik, odillik, xolislik, beg‘arazlik va kollegiallik prinsiplari asosida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan har yili attestatsiya jarayonlari boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin pedagog xodimlar attestatsiyasini tashkil etish va o‘tkazish jadvali ishlab chiqiladi.

Pedagog xodimlar attestatsiyasi ishlab chiqilgan jadval asosida tashkil etiladi hamda belgilangan tartibda har yili mart-iyun oylarida o‘tkaziladi.

Pedagog xodimlar har besh yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari tomonidan attestatsiya jarayonlari boshlanishidan kamida bir oy oldin attestatsiyadan o‘tuvchi pedagog xodimlarga attestatsiyaga oid rasmiy xabar, hujjatlar va dastur yuboriladi.

O‘rindoshlik bo‘yicha ishlayotgan pedagog xodimlar asosiy ish joyida attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Pedagog xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda hududiy boshqarmalar tomonidan amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: