LBMA investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish tizimini joriy etmoqda

O‘zbekiston 11:35 / 22.08.2019 3313

Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida LBMA tomonidan loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblangan «Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat qilish va monitoring qilish» avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqildi.

Prezident huzuridagi LBMA axborot xizmati xabariga ko‘ra, ishlab chiqilgan tizim qo‘yidagi imkonlarni beradi:

loyihalarni hisobga olish, ularning amalga oshirilishini nazorat va monitoring qilish jarayonlarini avtomatlashtirish;
          
loyihalarning muddatlari, budjeti, maqsadlari va ko‘rsatkichlari ustidan nazoratni amalga oshirish;
    
investitsiyalar, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning jalb etilgan va o‘zlashtirilgan hajmlari bo‘yicha ishonchli ma'lumotlarni shakllantirish;
          
loyihalarni amalga oshirishda quvvatlarni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha xavf-xatarlarni aniqlash;
          
investitsiyadan keyingi davrda, loyiha hujjatlarida nazarda tutilgan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishni kuzatib borish.

Tizimni ishlab chiqishda investitsiya dasturlari amalga oshirilishining istiqboldagi talablari va tendensiyalari inobatga olingan. Tizimning funksional imkoniyatlari maksimal darajada «egiluvchan» formatda yaratilgan bo‘lib, qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, tizim foydalanuvchilari va administratorlari uchun tizimli zanjirlarni sozlash imkoniyatini beradi. Kiritiladigan va tizimdan olinadigan loyihalar amalga oshirilishini ko‘rsatuvchi ma'lumotlar, shakllar, jadvallar va infografikalarni sozlash parametrlari deyarli chegaralanmagan imkoniyatlarga ega.

Tizim ikki tilda: o‘zbek va rus tillarida ishlab chiqilgan. Ayni paytda tizim test rejimida ishlamoqda, loyihalar tashabbusi bilan chiqish, ularni amalga oshirish, nazorat va monitoring qilish jarayoniga jalb etilgan vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalarini tizimga ulash yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Axborot tizimini joriy etish real vaqt rejimida samarali monitoring olib borish, loyihalarning belgilangan muddatlarda bajarilishini, investitsiyalar jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar o‘zlashtirish shaffofligini ta'minlash, loyihalarni amalga oshirishda xavflarni prognozlash va oldini olish, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish va bu orqali loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini beradi.

2019 yil 14 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirishning sifat jihatidan yangi tizimiga o‘tish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5717-sonli farmoni qabul qilindi, unga asosan «O‘zinfokom davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator» MChJ tizim operatori etib belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: