Kvartirani qayta rejalashtirish qanday rasmiylashtiriladi?

O‘zbekiston 11:49 / 22.08.2019 11839

Yuridik nuqtai nazardan kvartirani qayta rejalashtirishga rekonstruksiya sifatida qaraladi. Binodagi o‘zgarishlarni yer tuzish va ko‘chmas mulk davlat kadastri DKda ro‘yxatga olish zarurmi, deb yozadi Norma eksperti Oleg Gayevoy.

 Amaliyotda ko‘pchilik bu savolni juda kech, ish bajarilgandan keyin beradi, deya ta'kidladilar Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasida. Ro‘y bergan o‘zgarishlarni DKda ro‘yxatga olish “qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish” deb nomlanadigan tartib-taomil doirasida amalga oshiriladi, lekin undan oldin kvartirada qurilish-montaj ishlarini olib borish uchun kelishish va ruxsatnoma olishga qaratilgan qator taomillar amalga oshirilishi lozim.

 Yaqinda tartiblar o‘zgardi hamda hozirgi kunda rekonstruksiya qilish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda Vazirlar Mahkamasining 2018 yildagi 370-son qaroriga amal qilish lozim. Yangi qoidalarning asosiy farqi shundaki, endi turli instansiyalar bo‘ylab yugurishga hojat yo‘q. Barcha ruxsatnomalarni kvartira joylashgan joy bo‘yicha Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilgan holda olish mumkin. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalangan holda buni uydan chiqmay bajarish ham mumkin. Zarurat bo‘lganda zarur hujjatlarni rasmiylashtirishga mas'ul bo‘lgan organlar mutaxassislari o‘zlari qo‘ng‘iroq qilib, rekonstruksiya qilinadigan binoni o‘rganish uchun joyiga boradilar. Shuning uchun, davlat xizmati uchun murojaat qilganda so‘rovnomani to‘ldirganda telefon raqamini xatosiz ko‘rsatish muhim hisoblanadi.

Tartib-taomil

Qanday hollarda mazkur tartib-taomildan o‘tish zarur

Murojaat qilgandan keyin qanday harakatlar kutiladi

1

Obektni rekonstruksiya qilish (qayta rejalashtirish) uchun ruxsatnoma olish

Obektni rekonstruksiya qilish deganda quyidagilar tushuniladi:

  • binolar va inshootlarning mustahkamligi, zilzilabardoshliligiga ta'sir qiluvchi yuk ko‘taruvchi qismlarining o‘zgarishiga olib keladigan hajmi va maydonini o‘zgartirish;
  • binolar va inshootlarning mustahkamligi, zilzilabardoshliligiga ta'sir qiluvchi yuk ko‘taruvchi qismlarini o‘zgartirmasdan hajmi va maydonini o‘zgartirish;
  • bino va inshootlarning dastlabki hajmini saqlab qolgan holda ularning asosiy qismlariga o‘zgartirish kiritish;
  • o‘z yer uchastkasida bir-biriga tutashib ketuvchi va alohida qo‘shimcha bino va inshootlar qurish.

 

Quyidagi hollarda rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi:

  • binolarning mustahkamligi va zilzilabardoshliligiga ta'sir qiluvchi yuk ko‘tarib turuvchi qismlarining o‘zgarishiga olib kelmaydigan qayta rejalashtirishda;
  • poydevor maydonini o‘zgartirmasdan yengil turdagi qurilmalar va vaqtincha qurilmalarni rekonstruksiya qilishda;
  • o‘z yer maydonida ko‘chalardan, chorrahalardan, shahar (posyolka) maydonlaridan, parklar, skver, stadion, aeroport, vokzal, teatr, avtostansiyalardan ko‘rinib turmaydigan qismlarida, binolar va inshootlar oralig‘i yong‘inga qarshi normalar talablariga javob berishini, shuningdek, maxsus avtotransport vositalari o‘tishini ta'minlagan holda, yengil turdagi va vaqtinchalik qurilmalar qurishda.

Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda hujjat 5 ish kuni ichida beriladi. Arizani ko‘rib chiqish jarayonida qurilish boshqarmasi mutaxassislarining tashrifini kuting. Ular joyiga borib rekonstruksiyani amalga oshirish imkoniyatini o‘rganishlari kerak

2

Arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini (ART) ishlab chiqish

Ushbu hujjat asosida loyiha tashkilotida sizga bo‘lg‘usi ishlar loyihasini ishlab chiqadilar. ARsiz loyihalashtirish taqiqlanadi.

 

Ariza topshirilgan paytdan boshlab 4 ish kuni mobaynida ARTni ishlab chiqish uchun Qurilish vazirligining vakolatli tashkiloti bilan shartnoma imzolashni va u bo‘yicha to‘lovni amalga oshirishni taklif qiladilar. ARTni ishlab chiqish muddatlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

3

Qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsatnoma olish

Qurilish-montaj ishlarini ruxsatnoma olmasdan amalga oshirish taqiqlanadi

 

1 ish kuni mobaynida ruxsatnoma rasmiylashtiriladi va inspeksiya tomonidan qurilish sohasida nazoratni amalga oshirish bo‘yicha shartnoma tuziladi  

4

Qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish

Mazkur taomil dalili bo‘yicha barcha zarur ma'lumotlar davlat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri DUK hujjatlariga kiritiladi

 

 

9 kun muddatda qabul qilish dalolatnomasini olasiz. Uni rasmiylashtirish jarayonida davlat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri DK xodimlari joyiga borib qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni o‘rganib chiqadi

Har bir xizmatni olishda EKIHning 30%i miqdorida yig‘im to‘lash lozim bo‘ladi.

Qayta rejalashtirish ushbu tartib-taomillarga rioya qilinmagan holda amalga oshirilgan taqdirda nima qilish kerak? Ishlar o‘zboshimchalik bilan bajarilgan bo‘lib chiqadi. Endi Prezidentning 18.04.2017 yildagi PF-5017-son Farmoni va Prezidentning 18.04.2017 yildagi 2900-son qaroriga binoan bu masala bilan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzurida Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi shug‘ullanishi kerak.

Inspeksiyada muxbirga xabar berishlaricha, kvartiralar va ko‘p xonadonli uylarda noqonuniy qayta rejalashtirish dalili aniqlangan taqdirda binolarni dastlabki holatga keltirish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Bu ishlarni bino mulkdori o‘z hisobidan unga ko‘rsatma taqdim etilgan paytdan boshlab 15 kun ichida bajarishi kerak. Talab e'tiborsiz qoldirilgan taqdirda ish ko‘rib chiqish uchun sudga beriladi.

Istalgan manfaatdor shaxs kvartira rekonstruksiya qilinganligi haqida inspeksiyani xabardor qilishi mumkin.

Bajarilgan ishlar dalili bo‘yicha kvartirani qayta rejalashtirishni rasmiylashtirish tartib-taomili qonunchilikda nazarda tutilmagan. Shubhasiz, qonun chiqaruvchi buzilishlar va avariyaviy vaziyatlarni oldini olish kabi chora-tadbirlar mohiyatidan kelib chiqqan.

Belgilangan normalarga rioya qilgan holda, kvartirani ikkinchi qayta rejalashtirishni faqat birinchi qayta rejalashtirish oqibatlarini o‘z hisobidan bartaraf etgandan keyin amalga oshirish mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: