Jizzaxda Lacetti’ni o‘g‘irlab qochgan shaxs ushlandi

Jamiyat 15:03 / 22.08.2019 5310

Shu yilning 12 avgust kuni soat 12:15 larda Jizzax shahar IIOFMBga murojaat qilgan «Oqqo‘rg‘onliq» mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Yusupov Jasur o‘z arizasida «Halqaobod» mahallasi hududida «Lacetti» avtomashinasini noma'lum shaxs o‘g‘irlab ketganligini ma'lum qilgan. 

Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyat IIB YHXB tomonidan to‘sib ushlash tadbiri e'lon qilinib, oradan 3 soat vaqt o‘tib, avtomashina topilgan, deb ma'lumot bermoqda Kun.uz’ga viloyat IIB YHXB matbuot guruhi.

«Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlarida ushbu jinoyatni Forish tumani «Bog‘don» mahallasida istiqomat qiluvchi, vaqtincha ishsiz V.Q. sodir etganligi aniqlanib, Jizzax shahar «Ulug‘bek» mahallasi hududidagi «Jizzax-Toshkent» yo‘nalishida qatnovchi avtoshohbekatdan Toshkent shahriga ketish vaqtida ushlangan va Jizzax shahar IIOFMBning vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan», — deydi IIB YHXB yo‘l harakati doirasidagi qonunbuzilishlar bilan kurashish bo‘limi inspektori Sherzod Shamsiyev.

Xalqimizda so‘nggi pushaymon — o‘zingga dushman, degan naql bor. Biroq V.Q. birinchi marotaba ham, ikkinchi marotaba ham jinoyat sodir etib, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, aksincha, uchinchi marotaba yana jinoyat yo‘lini tanlagani kishini o‘ylantiradi. 

Ayni paytda V.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 267-moddasi, 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: