Ilmiy darajalar berish tartibi tasdiqlanadi

O‘zbekiston 13:41 / 22.08.2019 13414

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi nizomlari loyihalari joylashtirildi.

Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ilmiy darajalar belgilangan tartibda dissertatsiya himoya qilgan yoki talablarga javob bergan, muayyan fan tarmog‘ida chuqur kasbiy bilimga, ilmiy yutuqlarga ega bo‘lgan yuksak ma'naviyatli shaxslarga beriladi.

Tibbiyot fanlari bo‘yicha dissertatsiya himoya qilish – tibbiyot sohasi bo‘yicha oliy ma'lumotga, veterinariya fanlari bo‘yicha dissertatsiya himoya qilish – veterinariya sohasi bo‘yicha oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslarga ruxsat etiladi.

Dissertatsiya izlanuvchi o‘tkazgan tadqiqotlar va e'lon qilgan ilmiy ishlar asosida tayyorlanadi. Dissertatsiyani rasmiylashtirish va uni himoya qilish izlanuvchining xohishiga ko‘ra o‘zbek, rus, qoraqalpoq va ingliz tillarida yoki OAK bilan kelishilgan holda boshqa tilda amalga oshiriladi.

Talabgor, ilmiy rahbar yoki ilmiy maslahatchi tadqiqotning maqsad va vazifalarini aniq belgilash hamda dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatining mazmuni uchun mas'ul hisoblanadi.

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazishga oid qonun hujjatlarida belgilangan talablarni to‘liq bajargan, jumladan ixtisoslik bo‘yicha malakaviy imtihon (imtihonlar)ni topshirgan izlanuvchilar dissertatsiyani himoya qilishga qo‘yiladi.

Tadqiqotlar amalga oshirilgan muassasa xulosasi va Ilmiy kengash taqdimnomasi asosida OAK Rayosati qarori bilan istisno tariqasida, quyidagilarga dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berilishi mumkin:

Ixtiro patenti va seleksiya yutuqlari muallifiga istisno tariqasida, dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berilishi mumkin:

fan doktori (DSc) ilmiy darajasi - mavzu doirasida kamida 3 ta ixtiro patenti yoki seleksiya yutug‘i asosida fan va texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shish hamda ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi asosida salmoqli samara olingan bo‘lishi;

falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi - ixtiro patenti (patentlari) yoki seleksiya yutug‘i (yutuqlari) asosida fan va texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shish hamda ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi asosida salmoqli samara olingan bo‘lishi;

Ushbuda dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) tadqiqotlar amalga oshirilgan OTM yoki ITMga muallif ariza bilan murojaat qiladi;

b) tadqiqotlar amalga oshirilgan OTM yoki ITM kengashidagi  muhokama va uning ijobiy qarori asosida muassasa rahbarining kuzatuv xati bilan tegishli Ilmiy kengashga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: (1) tadqiqotlar amalga oshirilgan OTM yoki ITM kengashining xulosasi; (2) ixtiro patenti va seleksiya yutuqlari ilmiy natijalari amaliyotga joriy qilingani to‘g‘risida tegishli boshqaruv organi (organlari)ning umumlashtirilgan ma'lumotnomasi; (3) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining  ixtiro patenti va seleksiya yutuqlarining dolzarbligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomasi; (4)  avtoreferat shaklida tayyorlangan taqdimnoma; (5) talabgorning faoliyatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar (talabgor to‘g‘risidagi obektiv-ma'lumotnoma; pasport nusxasi; oliy ma'lumoti to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi; fan doktori (DSc) ilmiy darajasi talabgori uchun falsafa doktori (PhD) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja (bundan buyon matnda falsafa doktori (PhD) deb yuritiladi) diplomining nusxasi va dissertatsiyasi avtoreferati;

v) Ilmiy kengashda taqdimnoma o‘rnatilgan tartibda dissertatsiyani himoya qilish tartib-qoidasiga muvofiq holda ekspertizadan o‘tkazilib (nashr ishlari bundan istisno), muhokamasi natijasiga ko‘ra attestatsiya ishi elektron hujjat aylanish tizimi orqali OAKga yuboriladi;

g) attestatsiya ishi OAKda o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Ushbuda ixtisoslik bo‘yicha malakaviy imtihon topshirilgan bo‘lishi kerak.

Respublika OTM va ITMlari xalqaro reytingini baholovchi QS (Quacquarelli Symonds), Times Higher Education (THE) reyting agentliklari tomonidan tan olingan Elsevier kompaniyasining Scopus, Science Direct xalqaro ilmiy-texnik bazalar ro‘yxatida mavjud ixtisoslashgan ilmiy nashrlarda (bundan buyon matnda Xalqaro bazalar ro‘yxati deb yuritiladi) impakt-faktori tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha belgilangan darajada bo‘lib, avtoreferat shaklida tayyorlangan taqdimnoma asosida istisno tariqasida, quyidagilarga dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berilishi mumkin:

fan doktori (DSc) ilmiy darajasi - salmoqli ilmiy yangiliklar olgan va kamida 12 ta (ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 8 ta) ilmiy maqola chop ettirgan mutaxassisga;

falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi - muhim ilmiy yangiliklar olgan va kamida 6 ta (ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha 4 ta) ilmiy maqola chop ettirgan mutaxassisga.

Xalqaro bazalar ro‘yxatiga kirgan jurnallar impakt-faktorining tegishli darajasi har bir fan tarmog‘ining xususiyatidan kelib chiqqan holda yetakchi OTM va ITM tavsiyalari asosida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda OAK Rayosati qarori bilan belgilanadi.

Ushbuda dissertatsiya himoyasisiz ilmiy daraja berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) tadqiqotlar amalga oshirilgan OTM yoki ITMga muallif ariza bilan murojaat qiladi;

b) tadqiqotlar amalga oshirilgan OTM yoki ITM kengashidagi  muhokama va uning ijobiy qarori asosida muassasa rahbarining kuzatuv xati bilan tegishli Ilmiy kengashga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: (1) tadqiqotlar amalga oshirilgan OTM yoki ITM kengashining xulosasi; (2) nashr ishlarining asl nusxalari; (3) ilmiy natijalari amaliyotga joriy qilingani to‘g‘risidagi ma'lumotnomalar; (4)  avtoreferat shaklida tayyorlangan taqdimnoma; (5) talabgorning faoliyatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar;

v) Ilmiy kengashda taqdimnoma o‘rnatilgan tartibda dissertatsiyani himoya qilish tartib-qoidasiga muvofiq holda ekspertizadan o‘tkazilib (nashr ishlari bundan istisno), muhokamasi natijasiga ko‘ra attestatsiya ishi elektron hujjat aylanish tizimi orqali OAKga yuboriladi;

g) attestatsiya ishi OAKda o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Ushbuda ixtisoslik bo‘yicha malakaviy imtihon va ilmiy natijani amaliyotga joriy qilish bo‘yicha talablar bajarilishi kerak.

Yopiq mavzular bo‘yicha dissertatsiya himoyasini tashkil etish va ilmiy darajalar berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Binar (ikkilik) himoya tizimi asosida dissertatsiya himoyasi “Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida ilmiy ishlanma yaratgan falsafa doktori (PhD) yoki unga tenglashtirilgan ilmiy daraja egasi bo‘lgan talabgorga fan doktori (DSc) va ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etgan talabgorga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini berish tartibi to‘g‘risida nizom”ga muvofiq tashkil etiladi.

Talabgor o‘z dissertatsiyasi (taqdimnomasi)ni ilmiy jamoatchilik oldida himoya qilganidan keyin Ilmiy kengashning ilmiy daraja berish to‘g‘risidagi qarori OAKning fan tarmoqlari bo‘yicha ekspert kengashining tavsiyasi inobatga olingan holda OAK Rayosati tomonidan tasdiqlanadi.

Falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajaciga ega bo‘lgan shaxslarga davlat namunasidagi diplomlar beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: