«Aqlli hisoblagichlar»ga aloqador aksar muammolar ulanish va foydalanish jarayoni bilan bog‘liq - «O‘zstandart»

Jamiyat 15:50 / 22.08.2019 3886

«O‘zstandart» agentligi mas'ullari Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlarning «aqlli hisoblagichlar» bilan bog‘liq savollariga javob berib, undan foydalanishda odamlar orasida tushunmovchiliklar kelib chiqayotganiga izoh berdi.

«Respublika hududiga kirishdan oldin barcha turdagi hisoblash vositalari belgilangan tartibda tasdiqlash sinovlaridan o‘tkaziladi. Hozirgi kunda gaz, elektr energiyasi hisoblagichlari ham tekshirilib, respublika o‘lchash reyestriga kiritilgan va qo‘llashga ruxsat etilgan.

«Aqlli hisoblagichlar» ham xuddi shunday tartibda foydalanishga tatbiq etilmoqda. Ular bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni biz joylarga chiqib o‘rganganimizda ko‘pchiligi shu paytgacha mexanik hisoblagich ishlatib kelgan fuqarolar tomonidan yuborilgani ma'lum bo‘ldi», deydi «O‘zstandart» agentligi boshqarma boshlig‘i Abdurauf Abduqayumov.

«Garchi bu borada ko‘plab murojaatlar kelayotgan bo‘lsa-da, aniq muammo hisoblagichning ko‘rsatkichi bilan bog‘liqligi o‘z tasdig‘ini topgani yo‘q. Biz mutasaddi tashkilotlar - «O‘zbekenergo» va muvofiqligini baholovchi laboratoriya xodimlari bilan hamkorlikda shikoyat egalarining hisoblagichlarini tekshirib ko‘ryapmiz», deya «O‘zstandart» agentligi bosh direktori Dilshod Sattorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh direktorning ta'kidlashicha, tekshiruv natijalari aksar hollarda «aqlli hisoblagichlar» bilan bog‘liq muammolar ulanish va foydalanish bilan bog‘liq bo‘lganligini ko‘rsatdi. Masalan, hisoblagichga pod'yezddagilardan biri ham ulanib qolgani kabi holatlar aniqlangan.

Ma'lumot uchun, «aqlli hisoblagichlar» nomi bilan ommalashgan EEHO va NQAT tizimiga (elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi) 2020 yilning oxirigacha 7 milliondan ziyod iste'molchilar ulanishi kerak. 

Ko‘proq yangiliklar: