Yuliy Yusupov valuta bozoridagi so‘nggi o‘zgarishlarni izohladi

Iqtisodiyot 17:25 / 21.08.2019 69261

Iqtisodiy rivojlanish markazi direktori, iqtisodchi Yuliy Yusupov O‘zbekiston valuta bozoridagi so‘nggi o‘zgarishlarga izoh berdi.

«Menimcha, 2017 yil sentabr oyida valuta bozorini erkinlashtirish bilan bir vaqtda naqd valutani erkin sotishni joriy etish kerak edi. Nima uchun bunday qilinmaganligi men uchun haligacha sir bo‘lib qolmoqda. Hech kim bizga aniq tushuntirish bermadi. Mening fikrimcha, ushbu qaror ortida asossiz stereotiplar va qo‘rquvdan boshqa narsa yo‘q edi», - deydi u.

Iqtisodchining fikricha, naqd valutani sotishni cheklash qora bozorda hamon sezilarli aylanmalar saqlab qolinishining muhim sabablaridan biriga aylandi.

«Biroq, ushbu cheklov olib tashlanishi bilan qora bozor yo‘qolmaydi, uning hajmi biroz qisqaradi. Gap shundaki, qora bozor mavjudligining boshqa sabablari ham bor: ayirboshlash shoxobchalarining yetishmasligi, ularning ishlashi uchun cheklangan vaqt; ayrim toifadagi tovarlar uchun (masalan, maishiy texnika) yuqori boj to‘lovlari va import uchun boshqa sun'iy to‘siqlar tufayli saqlanib qolayotgan kontrabanda va yashirin importning katta hajmi», - deya ta'kidlab o‘tdi iqtisodchi.

Yuliy Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, yaqin vaqtgacha Markaziy bank valuta kursi tebranishlarini nazorat etishga harakat qilib keldi. Endi kurs erkin shakllanishga qo‘yib yuborilmoqda yoki, hech bo‘lmaganda, nazorat yo‘lagi sezilarli darajada kengaymoqda.

«Men ilgari ham Markaziy bankning so‘m kursining qulashiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha harakatlari xato ekanini yozgan edim. Biroq, dunyoning deyarli barcha Markaziy banklari o‘z vaqtida bunday xatolarga yo‘l qo‘ygan. Va xatolardan xulosa chiqargan. Tabiiyki, biz boshqalarning xatolaridan o‘rganmaymiz. O‘zimiznikidan o‘rganamiz. Hech bo‘lmaganda shunday.

Nima uchun kursni sun'iy ravishda ushlab turish imkonsiz edi?

Birinchidan, ertami-kechmi uni qo‘yib yuborish kerak bo‘ladi, o‘shanda kuchli sakrash yuz beradi (hozir shu kuzatilmoqda). Ikkinchidan, agar devalvatsiya inflatsiyadan ortda qolsa (bu holat ikki yil davomida kuzatildi), unda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bundan zarar ko‘radi. Bu so‘mning real ayirboshlash kursi o‘sishini anglatadi. Shu bilan birga, mahsulotlarimiz eksporti qimmatlashmoqda, mamlakatga import esa arzonlashmoqda. Natijada ishlab chiqaruvchilar ikkita zarba olyapti: ularning mahsulotlari ham tashqi, ham ichki bozorda raqobatbardoshlikni yo‘qotmoqda», - dedi iqtisodchi.

Shu bilan birga, u ayirboshlash kurslarining qisqa muddatli tebranishlarini bashorat qilishning iloji yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

«Biroq, aftidan, sun'iy ravishda ushlab turilgan devalvatsiya salohiyati hali ham to‘liq amalga oshmadi. So‘m hali yana pasayishi mumkin. Ammo, u juda kuchli tarzda qulaydi, deb o‘ylamayman. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ayniqsa eksport qiluvchilar yutadi. Import qiluvchilar yutqazadi. Aholini narxlarning ko‘tarilishi kutmoqda. Ammo o‘rta muddatli istiqbolda yutadi, sababi ishlab chiqarish va bandlik o‘sib boradi.

O‘rta muddatli istiqbolda so‘m devalvatsiyasi davom etadi (albatta, agar Markaziy bank yana eski pozitsiyaga qaytishga qaror qilmasa): mamlakatda inflatsiya yuqori, bizning asosiy savdo sheriklarimiz valutasi ham qadrsizlanib bormoqda. Devalvatsiyaning asosiy omili - inflatsiya. Biz uni maqbul ko‘rsatkichga qadar keltirmagunimizcha (yiliga 2-6%), devalvatsiya muqarrar», - deya qayd etib o‘tdi Yuliy Yusupov.

Iqtisodchi Markaziy bank so‘nggi yillarda pul bermayotgani to‘g‘risidagi ma'lumotlarga ham izoh berdi.

«Bunda Markaziy bank tijorat banklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kredit bermayotgani nazarda tutilmoqda. Balki. Ammo, bu juda ayyor bayonot. Markaziy bank mamlakatda barcha pul ta'minoti uchun javobgardir. Uning ma'lumotlariga ko‘ra, inflatsiya uchun muhim bo‘lgan M1 pul agregati 1,5 yil ichida deyarli 40 foizga o‘sdi. Aynan shu pul emissiyasidir. Uning asosiy manbai - imtiyozli kreditlar berish. Markaziy bank va iqtisodiyotning asosiy muammosi shundaki, MB ushbu kredit emissiyasini nazorat qilmaydi, sababi mamlakatimiz bank sektori aktivlarining 80 foizidan ortig‘i hukumat hamda turli davlat idoralariga tegishli.

Xususiy banklarni ham buyurtmalar asosida kredit berishga majburlashgan. MBga masalani ko‘ndalang qilib qo‘yishga jasorat yetmayapti: yoki biz boshlanayotgan bank islohotini amalga oshiramiz va davlatni kredit sektoridan chiqarib olamiz, yoxud barqaror narxlar va ayirboshlash kursini hech qachon ko‘rmaymiz. Agar, MBga jasorat yetishmayotgan bo‘lsa, keling, unda bu savolni uning o‘rniga o‘zimiz berib qo‘ya qolamiz», - dedi u.

Yuliy Yusupov, shuningdek, O‘zbekiston prezidenti va hukumatiga murojaat qildi.

«Hurmatli prezident va hukumat. Daromadga qarab yashashni o‘rganish kerak. Yangi obektlarni barpo etish, turli loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha barcha istaklar ham bajarilmasligi mumkin. Aksincha, bu aniq mumkin emas. Butun iqtisodiyot bunday loyihalar uchun narx to‘laydi: yuqori inflatsiya va devalvatsiya, yuqori soliq yuki bilan. Keling, avvaliga xususiy sektorni, ishlab chiqarishni ko‘paytiramiz, daromadlarni oshiramiz. Shundan keyingina biz asr qurilishlari bilan shug‘ullana olamiz», - deya ta'kidlab o‘tdi iqtisodchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston imtiyozli kreditlardan voz kechishi kerak.

«Ular nafaqat inflatsiyaning asosiy manbai, balki raqobatni ham yo‘q qilmoqda (ishlab chiqaruvchilarni teng bo‘lmagan holatga qo‘ymoqda) va tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkalarining oshishiga olib kelmoqda (banklar qandaydir tarzda imtiyozli kreditlar bo‘yicha yo‘qotishlarni qoplashi kerak-ku). To‘g‘ri moliyaviy siyosat - iqtisodiy rivojlanishning zaruriy sharti. Keling, umumiy moliyamizni yanada oqilona boshqaraylik», - deya xulosa qildi iqtisodchi. 

Ko‘proq yangiliklar: