Uzundagi xaridorsiz bozor: tadbirkorlar sarson, mutasaddilar esa muammoga yechim topish bilan band

Jamiyat 18:33 / 21.08.2019 23324

Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati Uzun tumanidan bir guruh tadbirkorlar murojaat qilishdi. Ularning aytishicha, tuman markazidagi sobiq eski dehqon bozori buzilgach, u yerda faoliyat ko‘rsatgan 80dan ziyod tadbirkor muammolarga duch kelishgan.

Ayni paytda sobiq bozor o‘rni tekislanib, bu joyda restoran va yozgi pavilon qurilmoqda.

Tuman mutasaddilarining tushuntirishlaricha, eski bozor buzilishiga sabab — u Obizarang daryosi muhofaza zonasida bo‘lganidir. Yangi restoran va pavilon daryoning muhofaza zonasidan tashqarida barpo etilmoqda.

Buzilgan bozorda savdo qilgan tadbirkorlarga mikrofon tutganimizda, ularning sobiq dehqon bozori (xalq tilida — «Chuqur bozor») hududida joylashgan do‘konlari evaziga yaxshi joydan joy berilmagan. Yoki ko‘rilgan zararlar evaziga kompensatsiya to‘lanmagan. Ular o‘z vaqtida do‘konlarni katta pullarga xarid qilishga va oilaviy ishbilarmonlikni yo‘lga qo‘yishgan bo‘lgan. Ayni paytda ishsiz qolib ketayotgan oilalar ham bor.

Do‘konlaridan ayrilgan ayrim tadbirkorlar aynan buzib tashlangan «Chuqur bozor» o‘rnidan ularga do‘kon qurish uchun joy ajratib berilishini talab qilishmoqda. Lekin buning iloji yo‘q. Chunki bu yerda Obizarang daryosining muhofaza hududiga rioya qilingan holda, mavjud bosh rejaga asosan tadbirkor Alijon Aminov umumiy ovqatlanish korxonasi barpo etmoqda. Eski bozor hududida uning ham do‘konlari bo‘lgan.

Ushbularni o‘qib, «Uzunda binoyidek bozorni ko‘chirib, savdogar tadbirkorlar ko‘chada qolgandir», deb o‘ylarsiz. Lekin unday emas. Uzunda bir yil muqaddam yangidan dehqon bozori va uning yonida buyum bozori barpo etilgan.

Faqat, bir oyda bitkazilgan buyum bozorining ochilish marosimi bo‘lgach, ertasi kuniyoq yopilish marosimi ham bo‘lib o‘tgan. Tadbirkorlarga quloq tutganimizda, ularning aytishicha, yangi buyum bozorida tartib bilan zamonaviy do‘konlarni tadbirkorlar o‘z mablag‘lari evaziga barpo etishgan. Lekin mazkur bozor noqulay joyda joylashgani sababli bu yerga xaridorlar kelishmayapti.

Xo‘sh, eski bozor buzilgan. Yangi bozor qurilgan. Uzun ikkiga bo‘linib yotibdi deyishyapti. O‘zi qanday muammo bor?

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zLiDeP tuman kengashi raisi Qurbon Shukurov ham vaziyat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, faqatgina temir yo‘ldan pereyezd (temir yo‘ldan o‘tish joyi) ochilishigina mavjud muammoni hal etishini bayon qildi.

Gap shundaki, Uzun tumani markazidan temir yo‘l o‘tgan. Eski bozor avval Termiz – Dushanbe yo‘li yoqasida, o‘ng‘ay joyda joylashgan edi. Bu bozorga qo‘shni Sariosiyo tumanidan ham xaridorlar kelib xarid qilib ketishar edi. Yangi bozor esa temir yo‘ldan janubroqda qurildi. Bu yerga sariosiyoliklarni qo‘ya turing, uzunliklarning o‘zi ham borishni istashmayapti. Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, xaridorlar qo‘shni Sariosiyo va Denov tumanlarida xarid qilishni afzal ko‘rishmoqda.

Xaritaga qaraymiz. Uzunda temir yo‘l uzra piyodalar o‘tadigan ko‘prik barpo etilgan. Piyoda borish uchun yangi bozor biroz noqulay va uzoqroq — 800 metr. Mashinalar yangi bozorga borishi uchun qariyb 5 km masofaga borib temir yo‘ldan o‘tib kelishi kerak.

Shu sababli eski bozor atrofida va o‘sha yerdagi buzib tashlangan choyxona o‘rnida yoymachilarning savdosi avj olgan. Eski do‘kondorlar ham shu atrofdagi do‘konlarga ijaraga joylashishgan. Yangi bozor esa huvillab yotibdi.

Buning uchun zudlik bilan kuniga bor-yo‘g‘i ikki bor poyezd sostavi o‘tadigan temir yo‘ldan pereyezd ochilishi, shlagbaumlar o‘rnatilishi lozim.

9 avgust kuni Uzun tuman hokimligida sektor rahbarlari hamda barcha tadbirkorlar ishtirokida majlis bo‘lib o‘tdi. Ularning fikrlari tinglandi. Do‘koni buzilgan va kompensatsiya olmagan tadbirkorlarga tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Usmon Alimov tuman markazidan yangi joy ajratilishini e'lon qildi.

Shuningdek, yangi bozorga temir yo‘l ustidan yo‘l ochish masalasi respublika darajasida hal etilishi bois yuqori organlarga murojaat qilinishi aytib o‘tildi.

Kun.uz muxbiri Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov bilan intervyu uyushtirganida mazkur masala bo‘yicha savol berdi. Bobolov vaziyatdan xabardorligini, yaqin kunlar ichida Transport vaziri Ochilboy Ramatov bilan birgalikda ushbu masalani yechishga harakat qilishini aytib o‘tdi.

Kun.uz viloyat va tumandagi mutasaddi rahbarlar mazkur masaladan xabardorligidan, uni hal etish uchun harakat qilishayotganidan voqif bo‘ldi. O‘ylaymizki, uzunliklarni qiynab kelayotgan muammo tez orada o‘z yechimini topadi.

Uzundagi ko‘p yillik keksa tadbirkorlarning ishonchi ham, ilinji ham shu. Ular o‘z farzandlari shu yerda, ko‘z o‘ngida mehnat qilishini xohlashadi. Chet elma-chet el sargardon bo‘lishini emas.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: