O‘zbekiston TIF milliy banki: sayyor qabullar tadbirkorlar manfaati uchun xizmat qilmoqda

Iqtisodiyot 20:42 / 21.08.2019 3890

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki rahbariyati ishtirokida respublika bo‘yicha sayyor qabullar tashkil etilmoqda. Hozirgi kunga qadar sayyor qabullar Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida o‘tkazilgan bo‘lib, avgust-sentyabr oylarida respublikaning qolgan hududlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqida TIF milliy bank matbuot xizmati axborot bermoqda.

Mazkur tizimli tadbir banklar sohasidagi barcha islohotlarning mohiyatini tushuntirish va ularni amalga oshirish mexanizmlarini tadbirkorlarga yetkazishni maqsad qiladi.

Milliy bank boshqaruv raisi Alisher Mirsoatov ishtirokida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan sayyor qabul doirasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar o‘rganildi hamda amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, mas'ul mutaxassislar bankda tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar xususida axborot berishdi.

«Tadbirkorlar sayyor qabullar natijasida o‘z muammolariga yechim topayotganidan mamnun. Tadbirkorlar bilan muloqotning bunday shaklini yo‘lga qo‘yish orqali biznes vakillari va bank xodimlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bank xizmat turlarining sifatini oshirish, xorijiy sarmoyalardan unumli foydalanish va ularni rivojlantirish maqsad qilingan. Banklarni isloh qilishga qaratilgan strategik harakatlar natijasida moliya-bank tizimida yangi va innovatsion prinsiplar asosida ishlash tizimi joriy qilinmoqda», – deyiladi «O‘zmilliybank» matbuot xizmati axborotida.

Saodat Abdurahmonova

Ko‘proq yangiliklar: