«O‘zbekiston buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar» haftaligi start oldi

O‘zbekiston 23:29 / 21.08.2019 6276

22-27 avgust kunlari “O‘zbekiston buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” madaniy meros haftaligi bo‘lib o‘tadi. Bu haqida 21 avgust kuni bo‘lib o‘tgan haftalik oldi matbuot anjumanida ma'lumot berildi.

Toshkent, Termiz, Buxoro, Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan mazkur haftalik doirasida O‘zbekistonning eng qadimgi davrlardan boshlab shakllangan madaniy merosini o‘rganish va uni saqlab qolish maqsadida duyoning turli nuqtalaridan mutaxassislar jamlanishi kutilmoqda.

Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish butunjahon jamiyati raisi:

─ Mazkur haftalikda 3 nafar Fanlar Akademiyalarining rahbarlari, 3 nafar yirik xalqaro nashriyot direktori, 3 nafar xalqaro fond direktori, 35 nafar muzey va kutubxonalar direktorlari, 250 nafar olim va tadqiqotchilar, 250 nafar professor va doktorlar, 12 nafar akademik, 25 nafar YuNeSKO vakili ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ushbu xalqaro miqyosdagi tadbirni yoritish uchun 60dan ziyod xorijiy OAV ham jalb qilingan. Keng qamrovi jihatidan ilk bor o‘tkazilayotgan bu yirik haftalik O‘zbekiston tarixi va madaniyatini o‘rganish jarayonini yangi bosqichga olib chiqadi.

Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari:

─ Bu haftalik nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo uchun, balki butun Yevroosiyo uchun katta ahamiyatga ega. Chunki O‘zbekiston hududida kechgan madaniyat sivilizatsiyasi butun insoniyatning boyligi. Bu haftalik davomida bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazma, seminar, taqdimot, ma'ruzalar O‘zbekistonning muhtasham madaniyati haqida yaxlit bir polotno hosil qilishga yordam beradi. O‘zbekiston hukumati xalqaro miqyosdagi mutaxassislar va ilm ahlini jamlash orqali madaniy merosni saqlab qolish bo‘yicha kerakli ko‘rsatmalar va yo‘nalishlarni bilish va ularni kelgusida joriy etishni maqsad qilgan.

Kamola Oqilova, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari:

─ O‘zbekistonda jadal kechayotgan rivojlanish madaniyat sohasida ham namoyon bo‘lyapti. Madaniy merosni asrash masalasi butun dunyoda har doim dolzarb bo‘lib kelgan. Moddiy va nomoddiy merosni saqlash borasida bizda bir qator muammolar bor, lekin biz bugun bu muammolar haqida gapira boshlaganimizning o‘zi ham ularni hal qilish yo‘lidagi eng muhim qadamdir.

Frederik Starr, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish butunjahon jamiyati ilmiy kengashi a'zosi:

─ Markaziy Osiyo hududidan o‘tgan Buyuk ipak yo‘li faqatgina savdo markazi bo‘lib qolmay, madaniyatlar almashinuviga ham xizmat qilgan. Bu yo‘l joylashgan hudud ─ O‘zbekistonni o‘rganish butun dunyo hamjamiyati uchun juda muhim. Bu sirli makonda qadimiy dinlardan tortib arxitektura obidalari, intellektual boylikkacha ko‘rish mumkin. Afsuski, arxitektura obidalari pishmagan g‘ishtdan qurilgan, ularni saqlab qolishni zudlik bilan ko‘rib chiqish kerak. Madaniy yodgorliklar joylashgan hududga turistlar oqimining kirib kelishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ta'sirlar xususida ham bosh qotirish lozim.

Yefim Rezvan, Buyuk Pyotr nomidagi antropologiya va etnografiya muzeyi direktori o‘rinbosari, professor, qur'onshunos:

─ O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan hajmda insoniyat madaniyatining merosi jamlangan. Ularni o‘rganmaslik, tadqiq qilmaslik katta xato bo‘ladi. Madaniy merosni ko‘proq o‘rgangan sayin chuqurroq kirib borish, yangidan-yangi qirralarini kashf etish mumkin. Kelgusi avlod ham bu merosdan bahramand bo‘lish uchun biz hozirdanoq birgalikda bu merosni o‘rganishimiz va butunligicha asrab qolishimiz darkor.

Haftalik dasturiga ko‘ra, 22-23 avgust kunlari Toshkentda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish butunjahon jamiyatining uchinchi xalqaro kongressi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston madaniy merosining dunyo to‘plamlarida saqlanayotgan merosiga bag‘ishlangan 20 jildli kitob-albomi taqdimoti ham o‘tkaziladi. Bu albomning o‘ziga xosligi shundaki, shtrix-kodni skaner qilish funksiyasidan foydalangan holda madaniy meros obektlari haqida batafsil hikoya qiluvchi videomateriallarni tomosha qilish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, kongress davomida O‘zbekiston tarixi va madaniyati haqida so‘zlovchi “Bobur va boburiy malikalar izidan”, “Katta Langar Qur'oni: sirlar va haqiqatlar” singari filmlar premerasi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston tasviriy san'at galereyasida “Kushon xazinasi”, Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida “O‘zbekiston qo‘lyozma yodgorliklari” ko‘rgazmalari ham bo‘lib o‘tadi. Bu ko‘rgazmalarda ayrim bebaho asarlar ilk marotaba omma e'tiboriga taqdim etilishi kutilmoqda.

24 avgust kuni Termizda davom etadigan haftalikda “O‘zbekiston sivilizatsiyalar chorrahasi” konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda akademik Edvar Rtveladze rahbarligida Kampirtepada olib borilgan tadqiqotlar natijasi ─ Oksiana Iskandariyasi haqida hali hech kimga ma'lum bo‘lmagan ma'lumotlar bayon qilinadi. Haftalik ishtirokchilari Surxondaryo hududidagi qadimgi shaharchalar, qazishma hududlari, tarixiy yodgorliklarni borib ko‘rishadi.

24 avgust kuni Buxoro shahridagi tarixiy yodgorliklar bilan ham dunyo ilm ahlini yaqindan tanishtirish rejalashtirilgan.

25 avgust kuni Samarqandda “O‘zbekiston obidalari nima haqida sukut saqlaydi?” mavzusida ekskursiya, “Asrlar qa'ridan taralgan nur” mavzusida islomshunos olimlar ishtirokidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi kitob-albomlarning Xorazm va Buxoro viloyatlari obidalariga bag‘ishlangan navbatdagi 14- va 15-jildlari hamda “Katta Langar Qur'oni: sirlar va haqiqatlar” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Haftalikning eng yorqin tadbirlaridan biri sifatida Amir Temurning yetti bog‘idan biri namunasida tiklangan “Bog‘ishamol”ning tantanali ochilish marosimi va o‘rta aslar muhitini jonlantiruvchi “Samarqand ─ Buyuk ipak yo‘li yuragi” festivali bo‘lib o‘tadi.

Haftalik an'anaviy “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali bilan yakuniga yetadi.

Ko‘proq yangiliklar: