Metanolni tashish, saqlash va qo‘llashda xavfsizlik qoidalari tasdiqlanadi

O‘zbekiston 14:07 / 21.08.2019 3679

Vazirlar Mahkamasining “Metanolni tashish, saqlash va qo‘llashda xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Xavfsizlik qoidalariga ko‘ra, mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi, shu jumladan noqulay va alohida mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar berilishi yuzasidan davlat nazorati hamda tekshiruvini mehnatni muhofaza qilish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek mehnatni muhofaza qilish sohasida qonun hujjatlariga muvofiq ayrim vakolatlarga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Mehnatga oid munosabatlarda xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etishni, mehnatni muhofaza qilish masalalarida qonun hujjatlariga rioya etish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini kasaba uyushmalari va ularning saylab qo‘yiladigan organlari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari, shuningdek xodimlarning o‘zi mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil etgan shaxslar amalga oshiradilar.

Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil etilgan shaxsga o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi uchun har haftada kamida ikki soat ish vaqti ajratiladi va bu vaqt uchun ish joyi (lavozimi) bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi.

Xavfli ishlab chiqarish obektidan foydalanuvchi tashkilot belgilangan sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini tashkil qiladi va amalga oshiradi.

Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi” Qonuni, xavfli ishlab chiqarish obektlarida “Xavfli ishlab chiqarish obektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha hamda xavfli ishlab chiqarish obektlarida ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish ma'muriy-jamoatchilik nazorati (uch bosqichli nazorat) orqali amalga oshiriladi.

Ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta'minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi.

Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lgan tashkilotda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.

Xavfli ishlab chiqarish obektlarida xodimlar soniga muvofiq ravishda ishlab chiqarish nazorati tashkil etiladi, agar xodimlar soni 150 tadan kam bo‘lsa foydalanayotgan tashkilot rahbari o‘rinbosarlarining bittasiga, xodimlar soni 150 tadan 500 tagacha bo‘lsa maxsus tayinlangan xodimga, xodimlar soni 500 tadan ko‘p bo‘lsa ishlab chiqarish nazorati xizmati rahbariga vazifalar yuklatiladi.

Xodimlarining soni ellik nafardan kam bo‘lgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.

Mehnatni muhofaza qilish xizmati, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va xavfli ishlab chiqarish obektlarining sanoat xavfsizligi xizmati tashkilotning mustaqil tarkibiy bo‘linmalari bo‘lib, ular bevosita tashkilot rahbariga bo‘ysunadi.

Mehnatni muhofaza qilish xizmati, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va xavfli ishlab chiqarish obektlarining sanoat xavfsizligi xizmati mutaxassislari mehnatni muhofaza qilish, sanoat xavfsizligi qoidalari va normalariga barcha xodimlar tomonidan rioya etilishini nazorat qilish, tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlariga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish, shuningdek mehnatni muhofaza qilish, sanoat xavfsizligi masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida tashkilot rahbariga taqdimnomalar kiritish huquqiga ega.

Mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalari mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.

Tashkilotda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimining auditi mehnatni muhofaza qilish tizimining holatini baholash bo‘lib, ushbu audit ish beruvchining qaroriga binoan o‘tkaziladi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

tashkilotda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimining mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash;

mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimining ishlashi sifatini, ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar va kasb kasalliklarining oldini olishga, darajasini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar samaradorligini baholash;

aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga, ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar va kasb kasalliklarining oldini olishga qaratilgan takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqish.

Tashkilotda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimining auditi mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:

mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash,
sanitariya-sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha bo‘limni o‘z ichiga olgan jamoa  shartnoma;

tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish o‘rinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish o‘rinlarini attestatsiya qilish kartalari;

mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;

ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish
va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;

mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ma'muriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);

ishlab chiqarish obektlarining ixtisosliklarini hisobga olgan holda ishlab chiqarish nazorati haqida Nizom;

ishchi va xizmatchilar bilan yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;

har bir kasb va ish turlari bo‘yicha mehnatni muhofaza qilish, sanoat xavfsizligiga oid yo‘riqnomalari.

Mehnatni muhofaza qilish xizmati, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va xavfli ishlab chiqarish obektlarining sanoat xavfsizligi xizmatini o‘z maqomiga ko‘ra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga bo‘ysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.

Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: