Ichki ishlar organlari tergovchilari malakasini oshirish tizimi joriy etiladi

O‘zbekiston 11:09 / 21.08.2019 7443

Vazirlar Mahkamasining “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimida huquqiy bilimni oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Adliya vazirligining 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti va Toshkent davlat yuridik universitetining yuqori natijalar qayd etgan kursantlari (talabalari) o‘qishning so‘nggi bosqichini bevosita amaliyotda o‘tkazishi tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar oliy ta'lim muassasalarining yuqori natijalarni qayd etgan kursantlari (talabalari) o‘qishning so‘nggi bosqichini bevosita amaliyotda o‘tkazishi tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Belgilanishicha:

oliy ta'lim muassasalarining yuqori natijalar qayd etgan kursantlari (talabalari) tegishliligi bo‘yicha amaliyot o‘tash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlariga, jumladan, sud, prokuratura, ichki ishlar, milliy gvardiya, adliya organlari va advokatura tuzilmalariga tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Adliya vazirligi tomonidan biriktiriladi;

bunda yuqori natijalar qayd etgan kursantlarni (talabalarni) amaliyot o‘tash uchun amaliyot o‘tkazuvchi organlarga biriktirish ularning mutaxassisligi (yo‘nalishi) bo‘yicha tashkil etiladi;

oliy ta'lim muassasalarining yuqori natijalar qayd etgan kursantlari (talabalari) o‘qishining so‘nggi bosqichini bevosita amaliyotda o‘tkazish belgilangan o‘quv yuklamalari hajmi doirasida hal etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida yuqori malakali amaliyot xodimlari, professor va o‘qituvchilar hamda ekspertlarni jalb qilgan holda ichki ishlar organlari tergovchilarining malakasini oshirish tizimi joriy etiladi.

Quyidagilar ichki ishlar organlari tergovchilarining malakasini oshirish tizimini joriy etishning asosiy vazifalari etib belgilandi:

dastlabki tergovni amalga oshirishda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustunligiga, ularning sha'ni va qadr-qimmati hurmat qilinishiga so‘zsiz rioya qilish ko‘nikmasini mustahkamlash;

tergovchilarning bilim va malakasini oshirishda innovatsion texnika va vositalardan foydalanish hamda yangi ish usullarini o‘rgatish;

tergovchilarning o‘ta murakkab, shu jumladan, uyushgan jinoiy guruhlar va uyushmalar tomonidan sodir etilgan, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish bo‘yicha malakasini oshirish.

Tergovchilarning O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida malaka oshirishi xizmatdan ajralmagan holda amalga oshiriladi hamda har yili ichki ishlar organlarining ehtiyojidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Qayd etilishicha:

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish to‘g‘risida” 2013 yil 10 oktyabrdagi PQ-2050-son qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida davlat ta'lim muassasasi shaklida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan;

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining hududiy filiallarini tashkil etish to‘g‘risida” 2018 yil 6 avgustdagi PQ-3901-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining hududiy filiallarida joylardagi davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi rahbar kadrlarning malakasini oshirish kurslari tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hokimlar va fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollari) uchun malaka oshirish kurslarining ta'lim dasturlariga huquqshunoslikka oid o‘quv soatlari ajratilishini ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: