Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyatida maktabgacha ta'lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Namangan viloyati hokimligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2020-2022 yillarda Namangan viloyatida maktabgacha ta'lim tashkiloti mavjud bo‘lmagan mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil etiladigan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini qurishning asosiy parametrlari tasdiqlandi.
Belgilanishicha, mazkur mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil etiladigan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalar ta'minoti uchun ota-onalar badal puli tashkilot faoliyati yo‘lga qo‘yilgan kundan boshlab 5 yil davomida 50 foiz miqdorida o‘rnatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining 2020 yil va keyingi yillar uchun parametrlarini shakllantirishda mazkur qaror bilan tasdiqlangan maktabgacha ta'lim tashkilotlari qurilishini belgilangan tartibda kiritilishini ta'minlaydilar.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil va keyingi yillar uchun budjet parametrlarini shakllantirishda ushbu qarorda belgilangan maktabgacha ta'lim tashkilotlari ta'minoti uchun zarur mablag‘larni ajratilishini nazarda tutadi.
Belgilab qo‘yilishicha:
davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini qurish energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi standartlarini qo‘llagan holda, qat'iy namunaviy loyihaga asoslanadi;
tashqi muhandislik aloqa tarmoqlari va ichki avtomobil yo‘llari, bunyod etilayotgan obektlar hududidan o‘tuvchi suv ta'minoti va oqava suv tarmoqlari qurilishi Namangan viloyati hokimligi mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta'lim tashkilotlarining bino va inshootlarini qurish bo‘yicha:
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi huzuridagi “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi - buyurtmachi etib belgilandi;
bosh loyiha va bosh pudratchi tashkilot belgilangan tartibda tender (tanlov) natijasida aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazadi va qurilish-montaj ishlarining sifati ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatadi.