Fuqarolar va OAV tegishli sohalarda jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi

O‘zbekiston 14:23 / 21.08.2019 2373

Senatda Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ishchi guruh a'zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan qonunlarni muhokama qildilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining muhokamasi chog‘ida mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq ishlab chiqilib, amaldagi qator qonun hujjatlari normalarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirishga qaratilgani ta'kidlab o‘tildi. 

Jumladan, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a'zosining maqomi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokamasida ishchi guruh a'zolarining ta'kidlashicha, kiritiladigan o‘zgartishlar fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari tomonidan  tegishli sohalarda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, ishchi guruh a'zolari “Ba'zi davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi  Qonunini ham ko‘rib chiqdi. Xususan, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga fuqarolar yig‘inidagi “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbarlari lavozimlarini bekor qilishga hamda ichki ishlar organlari tayanch punktlari tarkibiga jamoat tartibini saqlash bo‘yicha (katta) profilaktika inspektorlari yordamchilari lavozimlarini joriy etishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Kishinev, 2002 yil 7 oktabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi.

Barcha muhokama etilgan qonunlar yuzasidan ishchi guruh a'zolari o‘z nuqtai nazarini bayon etdi.

Ko‘proq yangiliklar: