Dunyo bananlarsiz qoladimi? Halokatli zamburug‘ Lotin Amerikasiga ham tarqaldi

Light 22:08 / 21.08.2019 43911

Bananning eng keng tarqalgan Kevendish navi plantatsiyalarini yakson qiluvchi shtamm (mikroorganizm) Lotin Amerikasida ilk bor qayd etildi. Olimlar Kolumbiya maydonlarida Fusarium TR4 zamburug‘ini aniqlashdi. Tez orada bananlarsiz qolishdan xavotirlanishga sabab yetarlimi?

«Panama kasalligi» odamlar uchun xavf tug‘dirmaydi, biroq yetishtirishda joy tanlamagani uchun eng keng tarqalgan butun bir navni payhon qilishga qodir. Hozirgi kunda bananlar juda muhim oziq mahsuloti va dunyo bo‘ylab millionlab insonlarning pul topish manbai hisoblanadi.

Bu qanday kasallik?

TR4 fuzarioz zamburug‘i birinchi marta o‘tgan asrning 90-yillarida Malayziya va Indoneziyada paydo bo‘lgan va qo‘shni Xitoyga juda tez sur'atlarda tarqalgan edi. U o‘simlikning ildizi va strukturasiga shikast yetkazadi.

BMTda ogohlantirishlaricha, «Panama kasalligi» banan hosili uchun katta chang soladi, ayniqsa esa undan to‘liq qutulishning iloji yo‘q. Bundan tashqari, zamburug‘ tuproqda yana 30 yil saqlanib qoladi.

TR4 shtammi (Tropical race 4) Osiyo, Avstraliya va Afrikada tarqalgan, ammo dunyoning banan yetkazib berish markaziga aylangan Lotin Amerikasida u avval uchratilmagandi.

Kolumbiyadagi zamburug‘ Niderlandiyaning Vageningen universiteti olimlari guruhi tomonidan aniqlangan. Kolumbiyaning qo‘shnisi bo‘lgan Ekvador dunyoda bananning eng katta eksportyori hisoblanadi.

Professor Gert Kemaning so‘zlariga qaraganda, zamburug‘ hududda juda jiddiy halokatga olib keluvchi kuchga ega bo‘lishi mumkin.

Zamburug‘ Amerikaga qanday kelib qoldi?

Kavendish naviga mansub vegetativ ko‘payuvchi barcha banan daraxtlari eng birinchi yaratilgan tupning genetik klonlari hisoblanishadi, shuning uchun agar ularning biriga zarar yetsa, boshqalari ham kasallanadi.

Kavendish navi fuzarioz zamburug‘i 1950 yilda boshqa bir eng mashhur Gro-Mishel navini yakson qilganidan so‘ng ko‘paytirilgan.

Professor Kemaning fikriga ko‘ra, Kavendish navi avvalgilari kabi yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun monokulturaga aylanmasligi kerak.

«Biz banan yetishtirishni diversifikatsiya qilishimiz kerak», - deydi u.

Yana bir muammo shuni tashkil etadiki, fermerlar zamburug‘li kasallikdan himoya sifatida ko‘pincha pestitsidlar ishlatishadi va olimlar bu atrof-muhitga zarar degan fikrda.

Kasallik bilan qanday kurashiladi?

Bananlar giganti Fyffes aniqlik kiritishicha, TR4 zamburug‘i tarqalishini to‘xtatib qo‘yish mumkin, biroq bu uchun qattiq biohimoya usullarini joriy etish talab etiladi.

Kompaniya shu maqsadda o‘z plantatsiyalari atrofida qo‘riqlanadigan hudud barpo etdi va tashrif buyuruvchilarga taqiq o‘rnatdi. Plantatsiyaga kiruvchi har bir odam oyoq kiyimini yechib, uni fungitsidli vannada yuvishi kerak va bu avtomobil shinalariga ham taalluqli.

To‘siqlar hududga hayvonlar kirishiga yo‘l qo‘ymaydi suv esa quduqlardan olinadi.

Fyffes vakilining aytishicha, kompaniya allaqachon Kevendishga mos muqobil nav topishga harakat qilmoqda, biroq hali natija yo‘q.

«Agar xavfsizlik choralariga qat'iy amal qilinsa, TR4 juda sekin tarqaladi. U bir necha o‘n yil Osiyoda mavjud bo‘lgan, lekin u yerda hanuz banan yetishtirilmoqda va iste'molda», - deydi kompaniya hosildorlik xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Hyugo Heyz.

Sotuvchilar nima demoqda?

Britaniyaning Tesco supermarketlar tarmog‘i zamburug‘ga qarshi choralar o‘rnatilayotganini tasdiqlamoqda.

Banana Link kompaniyasi baholashicha, har bir britaniyalik yiliga o‘rtacha 100ta banan iste'mol qiladi va bu mahalliy bozordagi eng mashhur mahsulotlardan biridir.

Biroq peshtaxtalarda banan kamayishi kutilmoqdami?

Bu har tomonlama qarshi choralarning qanday amalga oshishi va «banan kasalligi»ning plantatsiyalarga hujumini oldini olishga ulgurishga bog‘liq.

Ko‘proq yangiliklar: