Bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

O‘zbekiston 12:02 / 21.08.2019 3415

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazini Bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot instituti etib qayta tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari  vazirligining Bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot instituti etib qayta tashkil qilinadi.

Quyidagilar institutning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish sohalaridagi qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

iqtisodiy rivojlanishning ustuvorliklarini hisobga olgan holda, mehnat bozori, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;

hududlarni demografik va iqtisodiy rivojlantirish prognozlarini o‘rganish va shu asosida aholi bandligini ta'minlash yuzasidan ilmiy takliflar ishlab chiqish;

yoshlar va band bo‘lmagan aholini ma'qul ko‘rayotgan kasb-hunarlari va mehnat sohasidagi qiziqishlarini aniqlash maqsadida ijtimoiy tadqiqotlar olib borish;

respublika va ma'muriy-hududiy tuzilmalarning mehnat resurslari soni hamda tarkibini o‘rganish va uni takomillashtirishga doir ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;

mehnatni muhofaza qilish sohasida xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

bandlik, mehnat muhofazasi hamda mehnat munosabatlari masalalari yuzasidan maxsus sotsiologik tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish;

xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan mehnat muhofazasi va bandlik sohalarida samarali hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish;

yuqori malakali ilmiy xodimlar, shu jumladan, iqtisodiyot, texnika, tibbiyot sohalari bo‘yicha falsafa (PhD) va fan doktorlari (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan yosh xodimlarni ishga jalb qilish, mehnatni muhofaza qilish sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishida mahalliy hamda xorijiy ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, sohaga ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar va ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilish.

Belgilanishicha:

a) Institut:

O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari;

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan ilmiy loyihalar tanlovlari natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar;

vazirliklar, idoralar va mulkchilik shaklidan qat'iy nazar barcha korxona va tashkilotlarning buyurtmalari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish uchun ular tomonidan ajratiladigan mablag‘lar;

xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grantlari;

ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish sifatini dastlabki baholash yuzasidan to‘lanadigan mablag‘lar;

shartnoma asosida pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik (beg‘araz) xayriyalari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

b) Institutning daromadlari soliqqa tortish obekti hisoblanmaydi.

v) Institut o‘z faoliyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga hisobot beradi.

Institut direktori O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Institut direktori maqomi va mehnatga haq to‘lash shartlari, tibbiy va transport ta'minoti sharoitlari bo‘yicha vazirning o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Institut direktori o‘rinbosarlari institut direktorining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

g) Bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot instituti shartnomalar va majburiyatlar bo‘yicha tugatilayotgan Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazining huquqiy vorisi hisoblanadi.

Institutga quyidagi huquqlar beriladi:

tadqiqotlarga milliy ekspertlar sifatida kontrakt asosida davlat boshqaruv organlari, idoralar, banklar, tadqiqot markazlari xodimlarini, olimlar va oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilarini, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb etish;

qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish uchun boshqa ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, fondlar, universitetlar bilan, jumladan, xalqaro va xorijiy muassasalar bilan shartnomalar tuzish;

noshirlik faoliyatini amalga oshirish, bandlik, migratsiya va mehnatni muhofaza qilish muammolari bo‘yicha axborot-tahliliy sharh va ma'ruzalar chop etish;

Institutga yuklatilgan vazifalar doirasida markaziy iqtisodiy organlar, vazirliklar, idoralar, banklar va boshqa tashkilotlardan zarur bo‘lgan barcha normativ, statistik va tahliliy axborotlarni so‘rash hamda bepul olish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda Bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy-tadqiqot instituti huzurida “Mehnat iqtisodiyoti” mutaxassisligi bo‘yicha falsafa (PhD) va fan doktorlari (DSc) ilmiy darajalarini berish yuzasidan ixtisoslashtirilgan Kengash tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining buyurtmasiga asosan har yili institut tomonidan amalga oshiriladigan ilmiy-amaliy loyihalar uchun maqsadli grantlar ajratilishini ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: