AQSh vizasi uchun ariza bergan o‘zbekistonliklarning necha foizi rad javobini oladi?

O‘zbekiston 21:06 / 21.08.2019 62097

AQShga viza olish uchun murojaat qilgan O‘zbekiston fuqarolarining yarmidan ko‘pi rad javobini oladi.

2018 yilda Qo‘shma Shtatlarda vaqtincha bo‘lish uchun ruxsat so‘rab ariza yozgan o‘zbekistonliklarning 62 foiziga viza berilmagan. Bu – Markaziy Osiyo davlatlari ichidagi eng yuqori, sobiq ittifoq respublikalari orasida ikkinchi eng manfiy ko‘rsatkichdir.

Markaziy Osiyodan AQShga noimmigratsiyaviy viza olish imkoniyati qozog‘istonliklarda eng yuqori – o‘tgan yili Qozog‘iston fuqarolarining 39 foiz arizasi rad etilgan:

1. Qozog‘iston – 39 foiz
2. Tojikiston – 54
3. Qirg‘iziston – 59
4. Turkmaniston – 53
5. O‘zbekiston – 62

2018 moliya yilida sobiq sovet ittifoqi hududidan AQShga vaqtincha borish uchun viza so‘roviga eng kam Rossiya va Latviya (15 foizdan), eng ko‘p Gruziya va O‘zbekiston (62 foizdan) fuqarolari rad javobini olishgan:

1. Rossiya – 14,89 foiz
2. Latviya – 15,24
3. Litva – 17,29
...
13. Moldova – 61,1
14. O‘zbekiston – 61,76
15. Gruziya – 62,35

AQSh Davlat departamentining Konsullik masalalari byurosi saytida keltirilgan ushbu raqamlar B1/B2 vizasiga oid. Amerika vizasining bu turi tadbirkorlik (B1) yoki turizm va dam olish (B2) maqsadlarida vaqtincha Qo‘shma Shtatlar hududiga kirish imkonini beradi.

Dunyo bo‘ylab har yili o‘rtacha 6 mln kishiga B1/B2 vizasi beriladi.

O‘tgan yili bu turdagi noimmigratsiyaviy vizani O‘zbekistonning 7392 nafar fuqarosi olgan.

AQSh Davlat departamenti ingliz alifbosidagi «A»dan boshlab belgilanadigan 20dan ortiq turdagi (subkategoriyalar bilan 80dan ortadi) noimmigratsiyaviy viza ishlari bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistonliklar B1/B2 toifadan keyin ikkinchi eng ko‘p olgan viza turi – J vizasi (921 nafar) bo‘lib, bu toifa ruxsatnoma ta'lim va malaka oshirish bo‘yicha almashinuv dasturlari doirasida Amerikaga boradigan fuqarolarga beriladi.

O‘zbekiston fuqarolari o‘tgan yili eng ko‘p olgan uchinchi noimmigratsiyaviy viza kategoriyasi – A (543 nafar). Bu turdagi viza davlat rasmiylari (elchi, vazir, diplomat va shu kabilar hamda ularning xizmatchilari) uchun mo‘ljallangan.

Umuman olganda, 2018 yilda O‘zbekistonning 9970 nafar fuqarosiga AQShga vaqtinchalik viza berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: