Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari moliyaviy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yayotgani aniqlandi

O‘zbekiston 10:13 / 21.08.2019 11536

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 oktyabrdagi 799-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida nizom» talablari asosida haq to‘lanadigan jamoat ishlari uchun ajratilgan mablag‘larni maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat ishlari olib borilmoqda.

Vazirlik xabariga ko‘ra, joylarda jamoat ishlarini tashkil etishda ayrim Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘larni maqsadli sarflanishida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlandi.

Misol uchun, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani ABKM tomonidan Jamg‘armadan jamoat ishlari uchun ajratilgan 73 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘lar asossiz sarflab yuborilgan, jumladan:

«Sho‘rchi uy-joy mulkdorlari» shirkati raisi Nizom talablariga zid ravishda 30 nafar fuqarolarning pasport nusxalarini olib, ular bilan mehnat shartnomasi tuzmasdan jamoat ishlariga jalb qilinganligi va 2018 yilning aprel-iyun oylarida jamoat ishlarida ishlaganliklari to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirgan. Sho‘rchi tuman ABKMga taqdim etilgan ushbu soxta hujjatlar va buyurtmanomaga asosan shirkatning hisobraqamiga o‘tkazilgan 38,7 mln. so‘m Jamg‘arma mablag‘lari bank tomonidan shirkatning bankdan olgan kreditini qoplashga yo‘naltirilgan. Shirkat tomonidan taqdim etilgan ish haqi hisoblash tabellarida nomlari qayd etilgan 30 nafar fuqaro uy-joy shirkatida umuman ishlamaganligini va oylik ish haqlari olmaganligini ma'lum qilishgan.

Bundan tashqari, ushbu shirkat raisi «House building» MChJ rahbari bilan kelishgan holda Nizom talablariga zid ravishda yuqorida qayd qilingan 30 nafar fuqaro ular bilan mehnat shartnomasi tuzmasdan ularni 2018 yil avgust-sentabr oylarida jamoat ishlariga jalb qilinganligi haqida yana soxta hujjatlar rasmiylashtirgan. 

Ushbu rasmiylashtirilgan soxta hujjatlarga asosan ABKM tomonidan 27,6 mln. so‘m miqdoridagi Jamg‘arma mablag‘i «House building» MChJga o‘tkazib berilgan.

«House building» MChJ tomonidan ushbu o‘tkazilgan mablag‘dan shirkat raisining plastik kartasiga 8,7 mln. so‘m va shirkat hisobchisining plastik kartasiga 16,4 mln. so‘m o‘tkazib berilgan. 

Nazorat tadbiri natijasida mablag‘larning noqonuniy sarflanishi aniqlangan holatlar to‘g‘risidagi hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Ko‘proq yangiliklar: