Tibbiyot muassasalaridagi korrupsiya haqida tezkor va anonim xabar berish tizimi takomillashtiriladi

O‘zbekiston 10:11 / 20.08.2019 8404

Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy sohada qonun ustuvorligini ta'minlash borasida hamkorlik qiladi. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish Agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tibbiy sohada qonun ustuvorligini ta'minlash va qonun hujjatlari ijrosini tashkil qilish, bu sohaga doir qonun hujjatlarini keng targ‘ib qilish hamda bemorlar va tibbiyot xodimlari o‘rtasidagi munosabatlarning qonuniyligini ta'minlashga yordam berish maqsadida Adliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida qo‘shma loyiha imzolangan.

Loyihada qator tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Xususan:

• tibbiy-huquqiy qo‘llanma chop etish va tarqatish;
• tibbiyot muassasalarida aniq mavzular bo‘yicha «bepul huquqiy maslahat» kurslarini tashkil qilish;
• tibbiyot muassasalarida huquqiy savodxonlik burchaklarini tashkil etish;
• tibbiyot muassasalari faoliyatini mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq tashkil etishda ko‘maklashish;
• butun respublika bo‘ylab tibbiyot muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va «odob-axloq» oyligini o‘tkazish;
• tibbiyot muassasalaridagi korrupsiya haqida tezkor va anonim xabar berish tizimini takomillashtirish;
• tibbiyot xodimlariga nisbatan bemorlar va ularning qarindoshlari tomonidan kamsitish, haqorat qilish va jismoniy kuch ishlatish holatlari yuz berganda, tibbiyot xodimlari o‘zlarining buzilgan huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli organlarga murojaat qilish huquqi mavjudligini tushuntirishga qaratilgan tadbirlar tashkil qilish;
• ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan sog‘liqni saqlash sohasidagi kamchiliklar hamda yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha tezkor munosabat bildirib borish;
• tibbiyot sohasiga doir qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini yoritib berishga qaratilgan tarqatma targ‘ibot materiallarini tayyorlash kabi chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ushbu loyiha huquqiy targ‘ibot sohasida Sog‘liqni saqlash va Adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishi, bu sohada qonun ustuvorligini ta'minlanishiga, shuningdek aholining tibbiy xizmatdan foydalanishda huquqiy ongi va madaniyatini o‘stirishga xizmat qilishi nazarda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: