Sud Atamboyevning hibsga olinishi qarorini bekor qilishni rad etdi 

Jahon 21:13 / 20.08.2019 17282

Bishkekning Pervomaysk tumani sudi Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning hibsga olinishini qonuniy deb topdi. Bu haqda sud majlisi yakunlangandan keyin jurnalistlarga Atamboyevning advokati Sergey Slesarev ma'lum qildi.    

“Sudyalar Atamboyevning hibsga olinishi qarorining bekor qilinishini rad etishdi”, deb aytgan advokat.

Bir necha kun avval Slesarev Pervomaysk tuman sudiga Atamboyevning hibsga olinishi qarorining bekor qilinishini so‘rab murojaat qilgan. Uning ta'kidlashicha, Atamboyevni sobiq prezident maqomi va immunitetdan mahrum qilish bo‘yicha iyun oyi oxirida mamlakat parlamenti tomonidan qabul qilingan qarori konstitutsiyaga zid hisoblanadi. Advokatning aytishicha, qonunchilikka ko‘ra, bunday holatda Konstitutsiyaviy palata xulosasi talab etiladi.

Shu sababli, Slesarevning ta'kidlashicha. Atamboyev qonunga xilof ravishda ushlangan va hibsga olingan, chunki ayni vaqtda u sobiq prezident maqomiga ega bo‘lib qolmoqda va unga nisbatan daxlsizlik amal qiladi.

Atamboyev 8 avgustda bir sutka davom etgan maxsus operatsiya davomida Chuy viloyati Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi uyida qo‘lga olingan.

U hozirda Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergov izolyatorida saqlanmoqda. 20 avgust avvalroq sud uning hibsda qoldirilishi muddatini 26 oktyabrgacha uzaytirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: