2019 yil 1 iyuldan boshlab, tovar (ishlar, xizmatlar)ni sotib oluvchilar QQS to‘lovchisi bo‘lmagan yetkazib beruvchilarning hisobvaraq-fakturasida aks ettirilgan QQS summasini hisobga olishga haqli emaslar. Ushbu yangi tartibning amaldagi ijrosi xususida Davlat soliq qo‘mitasi Kameral nazorat boshqarmasi bosh inspektori Abdurasul Abdumajidov o‘z fikrlarini bildirdi, deb yozmoqda DSQ matbuot xizmati.
Mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga budjet mo‘ljallari to‘g‘risida»gi PQ-4086-sonli qarorining 10-bandida keltirib o‘tilgan.
Xususan, «2019 yil 1 iyuldan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib oluvchilar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanmaydigan yetkazib beruvchilardan olingan hisob-fakturalar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish huquqiga ega emaslar».
Endilikda, tadbirkorlar o‘z kontragentlarining QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tganligiga va hisobvaraq-fakturani to‘g‘ri rasmiylashtirganiga ishonch hosil qilishi lozim.
Agarda ishonch hosil qilinmagan taqdirda ikkala tadbirkorlik sub'yektlari ham shubha va tahlika zonasiga tushib qoladilar.
Masalan, QQS to‘lovchisi bo‘lmagan «A» korxona tomonidan QQS to‘lovchisi bo‘lgan «B» korxonaga 100,0 mln. so‘mlik tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilish jarayonida hisobvaraq-fakturada asossiz ravishda 20,0 mln. so‘m QQS ekanligi ko‘rsatilgan. Shunday qilib, «B» korxonaga yetkazib berilgan tovarning (ishlar, xizmatlar) umumiy qiymati 120,0 mln. so‘mni tashkil qilgan.
Soliq kodeksining 118-moddasiga asosan yuqorida keltirilgan harakatlarni amalga oshirganligi uchun «A» korxonaga nisbatan noqonuniy ajratilgan QQS summasining 20 foizi miqdorida moliyaviy jarima qo‘llaniladi. Shunda korxona budjetga 4 mln. so‘m jarima va 20 mln. so‘m QQSni to‘lab berishi kerak.
Bunda «B» korxonaga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi. Lekin joriy yil 1 iyuldan soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib oluvchi «B» korxona qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha budjet bilan qayta hisob-kitobni amalga oshirishi shart. Ya'ni korxona qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish huquqiga ega emasligi sababli, avval hisobga olgan 20,0 mln. so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini budjetga to‘lab berishga majbur bo‘ladi.
Biznes-hamkorni tanlashda ularning ayrim jihatlarini oldindan o‘rganish orqali «majburiy ehtiyotkorlik» choralarini ko‘rish yuzasidan quyidagilar tavsiya etiladi.
Ozgina vaqt sarflab, biznes-hamkorni (kontragentni):
- davlat soliq xizmati organlarida QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi;
- biznesda tutgan o‘rni;
- moliyaviy holati;
- ishlab chiqarish bazasi hamda malakali ishchilarining mavjudligi kabi jihatlarini oldindan bilib olish mumkin.
Kontragentlar haqidagi ochiq ma'lumotlarni Davlat soliq qo‘mitasining my.soliq.uz saytining «QQS to‘lovchilarni aniqlash» bo‘limiga kirish orqali olish mumkin.
Bunda tanlangan oynaga izlanayotgan korxonaga tegishli bo‘lgan STIRni kiritgan holda «izlash» tugmasi bosilsa bas, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan korxona bo‘yicha Sizni qiziqtirgan barcha ruxsat etilgan ma'lumotlar bilan tanishish imkoniyati mavjud.
Jumladan:
- QQS to‘lovchisi bo‘lgan korxonaning nomi;
- ro‘yxatdan o‘tgan viloyat va tuman nomi;
- soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sana;
- QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning mavjudligi;
- Oxirgi topshirilgan QQS hisoboti (qayta hisoboti) sanasi;
- Oxirgi hisobot bo‘yicha hisoblangan QQS summasi;
- QQS bo‘yicha oxirgi marotaba amalga oshirilgan to‘lov.
Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ko‘rsatilayotgan ushbu xizmat kontragentingiz QQS to‘lovchisi hisoblanishi yoki hisoblanmasligini aniqlash hamda huquqbuzarlikning sodir etilish xavfini oldini olishga xizmat qiladi.
Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, soliq to‘lovchi bitim tuzishdan avval mustaqil ravishda kontragentning biznesda tutgan o‘rni va u bilan tuzilgan har qanday shartnoma kelgusida soliq nizolarini keltirib chiqarmasligiga ishonch hosil qilishi kerak.