O‘zbekistonda mikroGESlar qurish rejalariga tuzatish kiritildi

O‘zbekiston 13:24 / 20.08.2019 9976

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 avgustdagi 665-son qarorida aytilgan, deb xabar bermoqda Norma.
 
«O‘zbekgidroenergo» AJ Jizzax viloyatidagi Zomin suv omboridan chiqadigan kanalda quvvati 200 kVt bo‘lgan mikroGES qurilishi bo‘yicha pilot loyihasini amalga oshirdi. 
 
Ushbu loyiha natijalarini hisobga olgan holda, kompaniya va «Gidroloyiha» AJ loyiha instituti mutaxassislari Andijon, Jizzax, Namangan, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlariga chiqib, mikroGES qurish uchun eng istiqbolli uchastkalarni qo‘shimcha ravishda o‘rgandilar.
 
Ular ilgari rejalashtirilgan Jizzax, Namangan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida 32 ta mikroGES qurilishi maqsadga muvofiq bo‘lmaydi degan xulosaga keldilar. Bunga suv oqimi yetarlicha davomli emasligi, suv bosimi (1 – 4,5 metr) va kanal bo‘yicha suv sarfi (0,25 – 4 kub m/sek) pastligi sabab qilib keltirildi.
 
Andijon (6), Qashqadaryo (2), Samarqand (5) va Farg‘ona (1) viloyatlarida yangi mikroGESlarni qurish uchun suv oqimlarining 14 ta istiqbolli uchastkalari aniqlandi. Bu yerda suv bosimi (6 – 90 metr), suv sarfi (1 – 8 kub m/sek) hamda bir yil mobaynida suv oqimi rejimlarining davomiyligi ancha yuqori.
 
Shu tariqa, hammasi bo‘lib 19 ta mikroGES quriladi, ularning jami hisob-kitob quvvati 10 055 kVt ni tashkil etadi. Qurilish xarajatlari 12 mln AQSh dollaridan ortiqni tashkil etadi. 2019 yilning IV choragi va 2020 yilning III-IV choraklarida ishga tushirish mo‘ljallangan.
 
Hujjat 13.08.2019 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: