Hujjatlarda ko‘rsatilmagan 1 mlrd so‘mlik tovarlarni yashirincha olib o‘tish rejasi amalga oshmadi

Jamiyat 16:53 / 20.08.2019 3864

Bojxona xodimlari yurtimizga tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib kirishga urinish holatlariga o‘z vaqtida chek qo‘yishmoqda.

Kuni kecha Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi “Olot” chegara bojxona posti xodimlari qo‘shni davlatdan yurtimizga kirib kelgan yuk avtomashinasini belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

Natijada, yuk avtomashinasidagi yuklar va hujjatlarda ko‘rsatilgan tovarlarning o‘zaro nomutanosibligi aniqlandi.

Shundan so‘ng, mazkur yuk avtomashinasidagi tovarlar xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda hujjatlarda ko‘rsatilgandan ortiqcha qariyb 25 ming dona velosiped ehtiyot qismlari borligi aniqlandi.

Umumiy qiymati 1 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi mazkur noqonuniy tovarlar ayni damda vaqtincha saqlovga olindi.

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda o‘z faoliyatini qonuniy yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilib berilmoqda. Ammo, faqatgina o‘z manfaatini o‘ylab, vatan va xalq manfaatlarini unutib qo‘yib, mamlakatimizga olib kelayotgan tovar-moddiy boyliklari uchun davlat budjetiga undiriladigan bojxona to‘lovlarini to‘lashdan qochishga urinayotgan qonunbuzarlar ham uchrab turibdi.

Raqamlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida bojxona organlari tomonidan davlat budjetiga 8,4 trln.dan ortiq bojxona to‘lovlari undirilgan. Yurtimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish maqsadida esa tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga 33,2 trln. so‘mdan ortiq imtiyozlar qo‘llanilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: