Epsilon kompaniyasi Qashqadaryoda yana ikkita yangi gaz konlarini aniqladi

O‘zbekiston 16:00 / 20.08.2019 32277

Investitsion bloklarni o‘zlashtirishga tizimli va professional yondashuv, konlarni izlash va mahsulot qazib olishning zamonaviy metodlarini qo‘llash natijasida Epsilon kompaniyasi 2019 yil boshidan buyon qator aniq natijalarga erishib kelmoqda.

Avval xabar qilganimizdek, shu yil 10 avgustida Muborak tumanidagi Bahoriston tuzilmasida ochilgan neft va gaz kondetsati Epsilon kompaniyasi olib borayotgan qidiruv-burg‘ilash ishlarining dastlabki natijasi bo‘lgandi. Bu quvonchli voqeadan ko‘p o‘tmay, 18-19 avgust kunlari yana ikkita gaz kondensatli yangi konlar – Mirbarak va G‘arbiy Ernazar konlari aniqlandi.

Epsilon kompaniyasi 2019 yil boshidan Kultoq-Qamashi, Surxon, Ustyurt, Muborak va G‘arbiy Farg‘ona investitsiya bloklari hududlarida geologorazvedka va kon-qidiruv ishlarini boshlab yuborgan edi. Mutaxassislarning fikricha, loyihalarni amalga oshirish uchun to‘g‘ri strategiya tanlab olingani qisqa vaqt ichida aniq natijalarga erishish imkonini bermoqda.

Kompaniya seysmik razvedka ishlaridan tashqari, qisqa muddat mobaynida 20 ta burg‘ilash qurilmalarini o‘rnatib, yangi quduqlardan 9tasida qidiruv, 6tasida ekspluatatsion burg‘ilash ishlarini yo‘lga qo‘yishga ulgurdi.

Bunday yondashuv o‘z mevasini bermay qolmayapti. 2019 yil 18 avgust kuni Qashqadaryo viloyatining Qultoq-Qamashi investitsion blokida joylashgan Mirbarak maydonidagi 1-sonli qidiruv qudug‘ida olib borilgan aeratsiya va sinov ishlaridan so‘ng tabiiy gaz manbasi aniqlandi. Bu – yangi kon ochilganidan darak beradi. Kon Yura qatlami qavatlarida, 2953-2983 metr chuqurlikda aniqlandi.

Epsilon kompaniyasi mazkur quduqda burg‘ilash ishlarini 2019 yil mart oyi oxirida boshlagan. Mirbarak maydoni qidiruv-qazish ishlariga tayyorlanishidan oldin kompaniya mutaxassislari o‘tkazilgan 3D seysmorazvedka materiallarini o‘rganib chiqishgan.

Hozirda Epsilon kompaniyasi yangi aniqlangan konda burg‘ilash ishlarini loyihada belgilangan 3300 metr chuqurlikkacha davom ettirmoqda, bu samarador qatlam diapazonini kengaytirish imkonini beradi. Shuningdek, topilgan tabiiy gazni «Sho‘rtanneftgaz»ning asosiy sanoat inshootlariga yetkazish uchun 12,5 km uzunlikdagi gaz quvurini qurish ishlari boshlab yuborilgan.

Qolaversa, 16 avgustda Qultoq-Qamashi investitsion blokida yana bir tabiiy gaz koni ochildi. G‘arbiy Ernazar tuzilmasidagi, loyiha bo‘yicha chuqurligi 4000 metr bo‘lgan 1-sonli quduqda olib borilgan burg‘ilash ishlari ijobiy yakunlandi. 17-18 avgust kunlari quduqda sinov jarayonlari, aeratsiya va qatlamni gidroportlatish amaliyotlari o‘tkazildi. Natijada, 2019 yilning 19 avgusti kuni tongida tabiiy gazning sanoat oqimi qayd etildi, bu – G‘arbiy Ernazarda yangi kon topilganidan dalolat beradi.

Hozirga kelib, G‘arbiy Ernazar tuzilmasini to‘la tadqiq qilib chiqish maqsadida Epsilon kompaniyasi yangi (ikkinchi) quduqni qazish uchun optimal nuqtani ham aniqlab bo‘lgan. Bu yerda burg‘ilash uskunasini o‘rnatishga kirishilgan. Bu ishlar bilan bir vaqtda yangi aniqlangan kondagi tabiiy gazni «Sho‘rtanneftgaz»ning asosiy sanoat inshootlariga transportirovka qilish uchun 2,5 km masofada gaz o‘tkazish quvurlarini qurish ishlari yakunlangan.

Ko‘proq yangiliklar: